Farg‘ona viloyatida mehribonlik uylarida tarbiyalanuvchi qolmadi va muassasalar faoliyati to‘xtatildi, deb xabar berildi “Axborot 24” informatsion dasturida.

Qayd etilishicha, Dang‘ara tumanida yashovchi Berdiyevlar oilasi 6 nafar tarbiyalanuvchini asrab olib, “Bolalar baxti” nomli oilaviy bolalar uyini tashkil qilgan.

“Mehribonlik uyiga borib, psixolog lavozimida ishlay boshladim. U yerda bolalarga o‘rganib qolib, ularni o‘z farzandimdek qabul qildim. Oilaviy bolalar uylari ochila boshlagach, ularni tashlab keta olmadim. O‘zimning farzandlarim bilan o‘ynashdi, ba’zida uyga olib kelib ko‘rsatdim. Turmush o‘rtog‘im bilan „o‘zimizning tarbiyamizga olaylik, oila muhiti boshqa“, deb maslahatlashdik. Oila a’zolarimiz qarshilik bildirishmadi. Keyin mana 2 ta farzandimni 8 ta qilib oldim”, — degan Oysanamxon Berdiyeva.

Shuningdek, Furqat tumanida Hurriyat Komilova 5 nafar bolani farzandlikka olib, “Mehribon qalb” oilaviy mehribonlik uyini ochgan. Shu tumandagi Obodon qishlog‘ida yana bir shunday muassasa ochilgan, Nazokat Komilova 6 nafar tarbiyalanuvchi qizni asrab olgan.

Ta’kidlanishicha, Qo‘qon shahrining O‘zbekiston va Toshloq tumanlarida ham oilaviy mehribonlik uylari tashkil etilgan.

Qo‘qon shahridagi 12-mehribonlik uyi rahbari Abror Xo‘jaqulovning so‘zlariga ko‘ra, 111 nafar tarbiyalanuvchidan 57 tasi oilalarga, 20 nafari patronatga, 16 tarbiyalanuvchi vasiylikka berilib, mehribonlik uylarida bolalar qolmagan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, bo‘shab qolgan muassasaning 80 nafar sobiq ishchi-xodimlari mutaxassisligi bo‘yicha yashash manzillariga yaqin bo‘lgan joylarda ish bilan ta’minlanmoqda.

“Bola asrab olish uchun Namangan va Andijon viloyatlaridan ham kelishdi”, — deyiladi xabarda.

Iyul oyi oxirida Shavkat Mirziyoyev poytaxtdagi 21-mehribonlik uyiga borgan edi. Prezident “mehribonlik uyida sharoitlar yaxshi, lekin tarbiyalanuvchilarning 18 yoshdan keyingi mustaqil hayotiga ko‘maklashuvchi mas’ul idora yo‘qligini” ta’kidlagan. Davlat rahbari barcha mehribonlik uylari va maxsus maktab-internatlarni Milliy gvardiya mas’ulligiga o‘tkazish taklifini bildirgandi.

Avgust oyida “Gazeta.uz” Milliy gvardiya prezident qarori bilan o‘ziga biriktirilgan Mehribonlik uylaridagi bolalarni ota-onalariga qaytarish, vasiy tayinlash va farzandlikka olishga ko‘maklashishi haqida yozgan edi. O‘quv-tarbiya muassasalarida tarbiyalanuvchilarning muammolarini o‘rganish va hal etish uchun “Mehr daftari” tizimi joriy qilinishi aytilgan.