Shavkat Mirziyoyev dekabrda Janubiy Koreyaga tashrif buyurishi kutilmoqda. Bu haqda Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje Inning O‘zbekiston rahbariga yo‘llagan tabrigida aytilgan.

“Siz va rafiqangiz bilan joriy yil dekabr oyida Koreyada uchrashishimni orziqib kutmoqdaman”, — deyiladi Mun Chje Inning Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik lavozimiga saylangani munosabati bilan yo‘llagan tabrigida.

Yanvar oyida ikki mamlakat rahbarlari videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazgandi.

Janubiy Koreya prezidenti Mun Chje In so‘nggi marta 2019 yil aprelida davlat tashrifi bilan O‘zbekistonda bo‘lgan. Unga qadar 2017 yil noyabrida Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaga safar qilgandi.

Avvalroq, Vengriya bosh vazirining Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan tabrigida O‘zbekiston prezidentining 2022 yilda Vengriyaga rasmiy tashrifi rejalashtirilganligi aytilgan edi.