Toshkentda payshanba oqshomidan boshlangan chang-qumli tuman tushishi davom etmoqda. Shanba kunigacha u biroz tarqaldi, ammo noqulay ob-havo sharoiti uning butunlay tarqalishiga imkon bermadi.

Shanba kuni soat 11:00 holatiga ko‘ra, Toshkentda havoning chang bilan ifloslanganlik darajasi ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyadan 6,7 baravarga oshdi. O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet) tomonidan o‘tkazilgan monitoring natijalari bunga dalolat bermoqda.

Manba: O‘zgidromet.

O‘zgidromet matbuot xizmatining «Gazeta.uz»ga bergan ma’lumotlariga ko‘ra, transport vositalarining intensiv harakati va shtil (shamolsiz vaqt) natijasida havoning ifloslanganligi yuqoriligicha qolmoqda. Juma kuni ham xuddi shunday ob-havo sharoiti kuzatildi, biroq kunning ikkinchi yarmida havodagi chang uchun ruxsat berilgan eng yuqori ifloslanganlik darajasining ortiqligi 8 martani tashkil etdi.

«Sovuq havo massasining kirib kelishi (4 noyabr — tahr.) natijasida hosil bo‘lgan atmosferaning quyi qatlamidagi inversiya qatlami changning tarqalish jarayonini kechiktirmoqda», — deyiladi xabarda.

Keyingi kunlarda poytaxtda meteorologik sharoitda sezilarli o‘zgarishlar kutilmaydi — quruq va sokin ob-havo saqlanib qoladi.

«Kechgi vaqtlar yer yuzasiga yaqin havo haroratining pastligi atmosferada inversiya tutuvchi qatlamni saqlab qoldi va chang tarqalishining oldini oldi. Kunduzi havoning isishi chang tarkibini biroz kamaytirdi, ammo changli tumanning to‘liq tarqalishi kutilmaydi», — deya qo‘shimcha qildi markaz.

Avvalroq O‘zgidromet payshanba kuni soat 21:00 dan 23:00 gacha Toshkent shahrida chang miqdori me’yordan 30 baravar oshgani, keyin esa pasayishni boshlagani haqida xabar bergan edi.

O‘zbekistonda 150 yil ichida yoki butun meteorologik kuzatuvlar davomida birinchi marta chang-qumli tuman kuzatilmoqda.

Avvalroq havoda chang konsentratsiyasi ortishi munosabati bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi tavsiyalarini e’lon qilgan edik. Mutaxassislar tomoq va burunni ozgina sho‘rlangan suv bilan chayishni, xonalarga ho‘l sochiqlarni osib qo‘yishni, ko‘chaga chiqmaslikka harakat qilishni va niqob kiyishni maslahat berishmoqda.