5 noyabr kuni poytaxt aholisining asosiy qismini ichimlik suvi bilan ta’minlovchi «Qodiriya» bosh suv inshootida yuqori kuchlanishli elektr ta’minotida nosozlik sababli nasos agregatlarida o‘chish holati yuzaga keldi.

«Toshkent shahar suv ta’minoti»ning xabariga ko‘ra, shu tufayli Toshkent shahrining qator hududlarida ichimlik suvi ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar kuzatilmoqda.

Ta’kidlanishicha, hozirgi vaqtda elektr ta’minoti qayta tiklangan, ichimlik suv gidravlik rejimini tiklash bo‘yicha tezkor choralar ko‘rilmoqda. 2−3 soatda Toshkent shahri suv ta’minoti o‘z maromiga qaytadi.

Mirzo Ulug‘bek tuman hokimligi ma’lum qilishicha, avariyaviy holat sabab Mirzo Ulug‘bek tumani TTZ-4 mavzesidagi 14/1 va 14/2 lokal qozonxonalarga sovuq suv bosimi pasaygan, sovuq suv kelishi to‘xtagan.

Oqibatda esa 37 ta ko‘p qavatli uylarda issiq suv va issiqlik ta’minoti to‘xtatilgan. Xuddi shunday Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida ham 214 uylarda ta’minot to‘xtagan.

Keyinchalik, Mirzo Ulug‘bek tumani TTZ-1, TTZ-2, TTZ-4, Qorasuv-1, Qorasuv-2, Qorasuv-3, Qorasuv-4 va Feruza massivlari, Oltintepa, Sayohat, Xirmontepa, Podshobog‘, Orol va Salom ko‘chalari, Buz-1, Chust ko‘chalarida ham ichimlik suvi ta’minoti vaqtincha to‘xtatildi.

Tuman hokimligi yuzaga kelgan noqulayliklar (to‘liq ro‘yxat) uchun uzr so‘rab, mutasaddi tashkilotlar ish olib borayotganini qayd etdi.

So‘nggi xabarlarga ko‘ra, tumanda bosqichma bosqich ichimlik suvi ta’minoti tiklanmoqda.