Uzbekistan Airports matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda 4 noyabr kuni Urganch aeroportida yo‘lovchilar tirbandligi haqida paydo bo‘lgan xabarlarga izoh berdi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan soat 02:00 dan boshlab Rossiyaning iFly Airlines parvozini amalga oshirish niyati bilan yo‘lovchilar kelishni boshlashdi. Yo‘lovchilarning barchasi Avia Market orqali avia chiptalarini sotib olgan. Jami 290 ta chipta charter reysiga sotilgan.

Yo‘lovchilar jo‘nab ketish zalida joylashtirildi, ular uchun qo‘shimcha stullar va o‘rindiqlar tashkil etildi. Ma’lum bo‘lishicha, Avia Market kompaniyasi O‘zbekiston transport vazirligi bilan parvozni kelishmagan va kerakli hujjatlarni tayyorlamagan.

Ayni paytda vaziyat tartibga solingan va Moskvadan A-330 samolyoti Urganchga uchib ketgan. Uzbekistan Airports`ning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, samolyot soat 21:30da havoga ko‘tarilgan.

Chorshanba kuni Toshkent aeroportida 200 ga yaqin kishi Istanbulga ucha olmagan edi. Ma’lum bo‘lishicha, sayyohlik kompaniyasi kelishmagan holda reys uchun chiptalar sotgan. Transport vazirligi zaxiradan samolyot ajratdi, deya xabar qildi Uzbekistan Airports.