2021 yilning 9 oyida O‘zbekistonga 1,2 mln nafarga yaqin xorijiy sayyohlar tashrif buyurgan va 273 mln dollar miqdorida turizm xizmatlari eksport qilingan. Bu haqda 5 noyabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, pandemiya davrida 260 ming ish o‘rini, 1400 ta turistik tashkilot va 1360 ta joylashtirish vositasi, 2,2 mlndan ortiq gid-tarjimon va turizmga yondosh sohalar faoliyatini saqlab qolish maqsadida sohadagi tadbirkolik subyektlariga ssuda, kredit, soliq imtiyozlari taqdim etilgan. Qo‘shimcha tarzda xorijiy sayyohlardan olinadigan turistik yig‘im 2023 yil 1 sentabrgacha to‘xtatilgan.

Shuningdek, turizm sohasida tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun hisobot davrida 6,5 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ davlat budjetidan subsidiya ajratilgan.

Hududiy investitsiya dasturlari hamda tadbirkorlik subyektlarining tashabbuslari bilan 2021 yil davomida turizm va sport sohalarida umumiy qiymati 1 trln 84 mlrd so‘m bo‘lgan 318 ta loyiha amalga oshirilgan, buning natijasida 3 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.

Xususan, yangi mehmonxona tashkil qilgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jami 12 nafar investorlarga 44 mlrd so‘m hamda ulardan 1 nafariga franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun 52,4 ming dollar miqdorida subsidiyalar berilgan.

Aholini sayohatga jalb qilish maqsadida turoperator va turagentlarga mahalliy turistlar uchun O‘zbekiston bo‘ylab sayohatlarning avia va temiryo‘l chiptalari uchun 15% hamda joylashtirish vositalarining mehmonxona xizmatlari xarajatlarini qoplash uchun 10% miqdorda subsidiya ajratilgan. 1 oktabr holatiga ushbu maqsadlar uchun 4,8 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ yo‘naltirildi.

Turizm va madaniy meros obyektlarida infratuzilmani yaxshilash uchun O‘zbekiston prezidentining 2 apreldagi ««Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori doirasida 1 trln so‘m (shundan davlat budjetidan 500 mlrd so‘m va Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 500 mlrd so‘m) miqdorida mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Ushbu mablag‘lardan:

  • Xiva shahrida «Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida» xalqaro madaniyat forumi o‘tkazilishidan oldin qurilish-montaj va obodonlashtirish ishlariga 192 mlrd so‘m (99 ta obyekt);
  • yo‘llarni ta’mirlashga 76,5 mlrd so‘m va suv-oqava ishlariga 10,3 mlrd so‘m (120 ta obyekt);
  • qolgan loyiha obyektlariga 98,6 mlrd so‘m moliyalashtirildi.

Shuningdek, turizm sohasidagi oliy o‘quv yurtlari va kollejlarning bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash uchun «Travel-jobs.uz» veb-sayti (platforma) ishga tushirilgani ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, 14 sentabrda prezident Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Unga ko‘ra, turoperatorlar, turagentlar va turizm sohasida mehmonxona xizmatlari foyda solig‘ini 50 foiz kamaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘laydi.