Toshkent shahar Yakkasaroy tumani Nukus ko‘chasi 29-uy va A.Qaxxor 6-tor 2-berk ko‘chasi 11a-uy Toshkent shahar hokimning 2008 yil 29 sentabrdagi 733-son qaroriga asosan buzilgan.

Deputat Rasul Kusherbayevning yozishicha, oradan 13 yil o‘tgan bo‘lsada shu kunga qadar buzilgan uy-joy o‘rniga uy-joy yoki kompensatsiya to‘lanmagan.

«Mulk egasi esa uy-joysiz, sarson bo‘lib, deputatga murojaat qilmoqda. Qiziq, qaror chiqarib birovni uyini buzgan hokimlarning o‘z uyini shunday buzib,13 yil sarson qilsa qanday bo‘ladi?», — deya savol bilan yuzlangan xalq vakili.

Uning fikricha, «qanchalik og‘ir bo‘lmasin bu harakat davlatning o‘z fuqarosi oldida xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash majburiyatini bajarmayotganini ko‘rsatmoqda».

Rasul Kusherbayev holat yuzasidan zudlik bilan aybdorlar javobgarlikka tortilishi, mulk egasining huquqlari tiklanishi shartligini ta’kidlagan.

«Gazeta.uz» ushbu holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga so‘rov yubordi.