Toshkentdagi chang-qumli tuman tufayli nafas olishda muammolar yuzaga kelgani sababli poytaxt aholisi tibbiyot muassasalariga murojaat qilmoqda, deb xabar berildi Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi va 1-shahar klinik shifoxonasidan «Gazeta.uz»ga.

1-shahar kasalxonasidan soat 22:45 da «Gazeta.uz»ga xabar qilinishicha, tibbiyot muassasasiga Yunusobod va Shayxontohur tumanlaridan ikki nafar erkak nafas olish qiyinligi shikoyati bilan murojaat qilgan. Hamshiraning so‘zlariga ko‘ra, bemorlardan birida shamollashdan keyingi qoldiq yo‘tal bo‘lgan va kasallik havodagi chang miqdori ortishi bilan kuchaygan.

«Ma’lum bo‘lishicha, erkakning xonadonidagi deraza va eshiklar ochiq qolgan, buning natijasida karavot va boshqa mebellar ustida chang qoplangan. Bemor karavotga yotganida, bo‘g‘ila boshlagan», — deya ma’lum qildi shifoxonadagilar.

Allergologiya markazidan ma’lum qilishlaricha, soat 22:30 atrofida Olmazor tumanidan astma bilan og‘rigan keksa ayol tez yordam so‘rab murojaat qilgan. Allergolog Mirabbos Normurodovning so‘zlariga ko‘ra, ayol uyda bo‘lgan, lekin derazalar yopiq bo‘lishiga qaramay, xonaga chang kirib, nafasi bo‘g‘ilgan.

Allergolog allergiya va nafas olishda muammolarga duchor bo‘lganlarga uydan chiqmaslikni, derazalarni yopishni va binolarni namlantirishni maslahat berdi.

Avvalroq payshanba kuni Toshkent shahri va boshqa viloyatlarda kuzatilgan chang-qumli tuman tuproqning quruq ustki qatlamlarini ko‘targan shamol tufayli yuzaga keldi, deb xabar qildi O‘zgidromet. Poytaxt havosidagi chang miqdori me’yordagidan 5 barobar oshib ketdi. Shu bilan birga, havo harorati noldan pastga tushdi.