Zamin fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Jizzax viloyatiga tashrifi davomida Zarbdor tumanidagi 1 va 2-sonli maktablarda bo‘ldi, deya xabar qildi fond matbuot xizmati.

Eshitish qobiliyati zaif bolalar ta’limini qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida maktablarga zamonaviy FM-tizimlari sovg‘a qilindi. FM-tizim kerakli tovushlarni bevosita o‘quvchining eshitish apparatlariga uzatayotgani tufayli bolalar o‘qituvchining gapini eshitadilar va nutqni sinfda ham, shaxsiy darslarda ham rivojlantiradilar.

Zamin fondi ko‘magida ixtisoslashtirilgan maktablarning 2 ming nafar o‘quvchisiga 2 donadan zamonaviy eshitish apparati bepul topshirilmoqda.

«Oldimizda turgan muhim vazifalardan biri, siz o‘zingizni namoyon qilishingiz uchun zarur sharoitlarni yaratib berish. O‘qishda, ishda, ijodda, sportda, ijtimoiy faoliyatda o‘zingizni topa olishingizni istaymiz. Qobiliyatingiz, qiziqishlaringizni yuzaga chiqarishda hech qanday to‘siq bo‘lmasin, deymiz», — dedi Ziroat Mirziyoyeva o‘quvchilar bilan uchrashuvda.

Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Jizzax, Qashqadaryo, Buxoro, Farg‘ona va Andijon viloyatlarida joylashgan 8 ta ixtisoslashtirilgan maktablarda ana shunday jihozlar o‘rnatiladi. 2022 yil oxirigacha Respublika bo‘ylab barcha 18 ta maktab to‘liq jihozlanishi kutilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, o‘quv jarayonida jihozlardan foydalanish bo‘yicha ham o‘qituvchilar uchun xorijlik mutaxassislar tomonidan maxsus treninglar o‘tkazilmoqda. Bir guruh mutaxassislar esa bolalarning eshitish qobiliyatini diagnostika qilish va eshitish vositalarini individual sozlashni amalga oshirmoqda.