Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatidagi Toqtogul suv omborining suv sathi «o‘lik chegara» darajasigacha tushishi ehtimoli bor.

Bu haqda Qirg‘iziston Energetika va sanoat vaziri o‘rinbosari Taalaybek Ibrayev Markaziy Osiyo Birlashgan energetika tizimi Elektr energetikasi muvofiqlashtiruvchi kengashining yig‘ilishida ma’lum qilgan.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» axborot xizmatining yozishicha, mazkur yig‘ilishda shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston hamda Rossiya Federatsiyasining tegishli tuzilmalari rahbarlari ham qatnashgan.

«Bu holat mintaqada kelgusi yil vegetatsiya davrini muvaffaqiyatli o‘tishga imkon bermaydi va o‘z-o‘zida ma’lumki, Toqtogul suv omboriga tutash daryolar oqib o‘tadigan qo‘shni mamlakatlarga o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi», — dedi qirg‘izistonlik vazir o‘rinbosari.

Taalaybek Ibrayevning ta’kidlashicha, «vaziyatni o‘nglash uchun Qirg‘iziston elektr energetika tizimiga qo‘shni davlatlardan yordam olish zaruriyati mavjud».

Bundan tashqari, muhokamalar davomida asosiy e’tibor Markaziy Osiyo energiya resurslari tanqisligi va oshib borayotgan narxlar, hamkorlikdagi faoliyat, mintaqada suv tanqisligi muammolariga qaratilgan.

Toqtogul suv ombori Qirg‘izistonning Jalolobod viloyatida joylashgan bo‘lib, 1973 yilda qurib bitkazilgan va umumiy maydoni 284 kvadrat kmni tashkil qiladi. Norin daryosiga Toqtogul GES plotinasi qurish orqali hosil qilingan, sig‘imi 19,5 km kubdan iborat.

Ma’lumotlarga ko‘ra, shu yilning 30 martida suv sathi 8,742 mlrd kubga qadar pasaygan va ayni vaqt ham pasayishda davom etmoqda.