Hukumatning tegishli qarori loyihasida Adliya vazirligi Ichki ishlar vazirligiga tegishli «topilmalar stoli»ni tugatish hamda yo‘qolgan narsalarni qabul qilish funksiyalarini Davlat xizmatlari agentligiga o‘tkazish taklif qilmoqda.

Hujjatga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan boshlab tuman (shahar) Davlat xizmatlari markazlari tomonidan yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash, egalariga qaytarish yoki ularni davlat arxiv idoralariga topshirish bo‘yicha xizmat qiladi. Ularni qidirish bo‘yicha arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yuboriladi.

Agentlik uchun kelasi yilning mart oyiga qadar «Topilmalar» avtomatlashtirilgan qidiruv tizimini yaratish rejalashtirilgan. 2023 yilning 1 yanvariga qadar u Ichki ishlar vazirligining «Buyum» axborot tizimiga integratsiya qilinishi kerak.

«Topilmalar» avtomatlashtirilgan qidiruv tizimini yo‘lga qo‘yilgunga qadar Davlat xizmatlari markazlarida yo‘qolgan va topib olingan ashyolarni qabul qilish, saqlash bo‘yicha xavfsizlik talablariga javob beradigan maxsus xonalar (burchaklar), temir seyflar va zarur moddiy-texnika vositalari, axborot texnikalari bilan jihozlanishi kerak.

Qaror loyihasi muhokamasi 18 noyabrgacha davom etadi.