3 noyabr kuni Toshkent shahrida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Shuhrat Vafayev va Yevropa komissiyasi departament boshlig‘i Sara Rinaldi raisligida rivojlanish sohasida hamkorlik masalalari bo‘yicha «O‘zbekiston-YeI» kichik qo‘mitasining 4-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Xabarga ko‘ra, uchrashuv kun tartibidagi asosiy masalalar 2021−2027 yillarga mo‘ljallangan yangi dastur doirasida Yevropa komissiyasi bilan ikki tomonlama moliyaviy-texnikaviy hamkorlik istiqbollari va yo‘nalishlaridan iborat bo‘ldi.

Tomonlar qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash va «yashil o‘sish», sud hamda transport-logistika tizimlarining boshqaruv samaradorligini oshirish va raqamlashtirish, investitsiyaviy muhitni yuksaltirish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘nalishlaridagi loyiha va tadbirlar bo‘yicha masalalarga to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilishicha, Yevropa komissiyasi 2021−2024 yillarda O‘zbekistonga 83 mln yevro miqdorida maqsadli grantlar ajratish, shuningdek, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish maqsadida «Team Europe» tashabbusi doirasida Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan birgalikda moliyaviy va texnik hamkorlikni kengaytirishni rejalashtirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 1 dekabrida O‘zbekiston Yevropa Ittifoqiga tarifsiz tovar eksport qilish uchun yangi imtiyozlar olgan edi. Unga ko‘ra, Yevropa komissiyasi O‘zbekistonga «GSP+» Preferensiyalar bosh tizimi plyus benefitsiar — mamlakati maqomini berish bo‘yicha muddatidan oldin ijobiy qaror qabul qilgandi. Bu mamlakatdan Yevropa Ittifoqiga tarifsiz eksport qilinadigan mahsulotlar sonini ikki baravarga ko‘paytirish imkonini berishi qayd yetilgandi.