Amerika Qo‘shma Shtatlarining Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (Centers for disease control and prevention) tomonidan butun dunyo bo‘ylab COVID-19 ga chalinish xavfi ko‘rsatkichlari aks etgan ro‘yxatni e’lon qilgan.

Unda O‘zbekiston kasallanish holatlari noma’lum mamlakatlar ro‘yxatida qolmoqda.

“O‘zbekistondagi hozirgi vaziyat noma’lum bo‘lgani uchun hatto to‘liq emlangan sayohatchilar ham COVID-19 virusini yuqtirish va tarqalish xavfi ostida bo‘lishi mumkin. Sayohatchilar O‘zbekistondagi tavsiyalar yoki talablarga amal qilishlari, jumladan niqob taqishlari va boshqalardan 6 fut masofada bo‘lishlari kerak”, — deyiladi izohda.

Mazkur ro‘yxatda Markaziy Osiyodan Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston ham o‘rin olgan.

“Ushbu manzillarga sayohat qilishdan saqlaning. Agar siz ushbu manzillarga sayohat qilishingiz kerak bo‘lsa, sayohatdan oldin to‘liq emlanganingizga ishonch hosil qiling”, — deya qayd etdi CDC.

Qirg‘iziston esa yuqtirish xavfi past bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘zbekiston SSV ma’lumotlariga ko‘ra, 3 noyabr kuni mamlakatda 290 nafardan ziyod kishida koronavirus infeksiyasi aniqlanib, kasallik qayd etilganlar soni 187 085ga yetdi. Virusdan 3 nafar bemor vafot etgan. Pnevmoniyaga chalinish holatlari aniqlanmagan.