Avgust oyida Afg‘onistonda «Tolibon» o‘z hokimiyatini o‘rnatganidan beri o‘tgan bir necha oy mobaynida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat tobora og‘irlashib bormoqda. Haligacha tinmagan tartibsizliklar, ommaviy ishsizlik, ocharchilik, muomaladagi naqd pul muammosining avj olishi, ayrim hududlarda hukm surayotgan qurg‘oqchilik mamlakat iqtisodiyotini inqiroz yoqasiga olib kelib qo‘ydi.

Mamlakatdagi tartibsizliklar va qurg‘oqchilik sabab turli lagerlarda — chodirlarda yashashga mahkum bo‘layotgan, qashshoqlik va ocharchilikdan aziyat chekayotgan aholi orasida jon saqlab qolish ilinjida voyaga yetmagan qizlarini sotish holatlari soni ortib borayotganligi ommaviy axborot vositalari e’tiborini tortdi.

CNN nashrining yozishicha, Afg‘onistonda 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni turmushga berish butun mamlakat bo‘ylab qonunga xilof bo‘lishiga qaramay, voyaga yetmaganlar nikohi ko‘p yillar davomida, ayniqsa, qishloq joylarda keng tarqalgan.

Xususan, mamlakatning shimoli-g‘arbidagi Bodg‘is viloyatidagi ko‘chirilganlar lagerida bo‘lib, vaziyatni o‘rgangan CNN va AFP nashrlari muxbirlarining tasdiqlashicha, ota-onalar muhtojlik va chorasizlikdan shunday qaror qabul qilishga majbur bo‘layotganliklarini qayd etishgan.

Parvona, 9 yoshda: u o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardi

Ochlikdan o‘lmaslik uchun 9 yoshli Parvonani ota-onasi 55 yoshli erkakka sotishga majbur bo‘ldi, deb yozmoqda CNN. Qizaloq 22 oktabr kuni CNN telekanaliga bergan intervyusida bu «oq qoshli va qalin oq soqolli qari odam» uni uyida ishlashga majbur qilishidan va kaltaklashidan xavotirda ekanini aytgan.

Xabarda aytilishicha, Parvonaning oilasi to‘rt yildan buyon lagerda yashaydi. Oila kuniga bir necha dollar haq to‘lanadigan oddiy ishlar va insonparvarlik yordami hisobiga kun kechirib kelgan. Ammo Tolibon hukumat tepasiga kelgach, tirikchilik yanada og‘irlashgan.

Xalqaro yordam to‘xtagani va mamlakat iqtisodiyoti tanazzulga uchragani sababli, oilaning oziq-ovqat kabi birlamchi ehtiyojlarni sotib olish imkoniyati yo‘q. Qizning otasi Abdul Malik bir necha oy oldin 12 yoshli katta qizini ham sotib yuborgan.

Abdul Malik CNN bilan suhbatda, qizlarini sotmaslik maqsadida ish izlash, qarz olish kabi urinishlari behuda ketganini, rafiqasi tilanchilik qilishga majbur bo‘lganini aytgan. «Oilada sakkiz kishimiz. Oilaning boshqa a’zolari tirik qolishi uchun ham [qizimni — tahr.] sotishim kerak», — deya chorasizligini birdirgan.

Parvonaning aytishicha, u ota-onasi fikrini o‘zgartirishiga umid qilgan — u o‘qituvchi bo‘lishni orzu qilardi, maktabni tashlashni istamasdi.

«24 oktabr kuni Parvonaning xaridori Qurbon uning otasiga qo‘y, yer va naqd pul ko‘rinishidagi 200 ming afg‘onini (taxminan 2200 dollar) topshirdi», — deb yozadi CNN.


Manba: CNN

Qayd etilishicha, Qurbon buni nikoh deb atamagan, uning o‘z oilasi, Parvonaga o‘z farzandlaridan biridek g‘amxo‘rlik qiladigan xotini borligini aytgan.

Shuningdek, qizning otasi Abdul Malikning so‘zlariga ko‘ra, Qurbon unga qiz uchun pul to‘lashini aytib, «u bilan nima qilishim [endi] sening ishing emas… bu mening ishim», — degan.

Xabarda aytilishicha, bu pullar oilani bir necha oygina ta’minlashi mumkin. Ota oilaning «moliyaviy ahvoli yaxshilanmasa», yana bir qizini — ehtimol 2 yoshli qizini sotishga to‘g‘ri kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Magul, 10 yoshda: «Agar meni [u bilan] ketishga majbur qilishsa, o‘zimni o‘ldiraman»

CNN`ga ko‘ra, Bodg‘isga qo‘shni G‘o‘r viloyatida yashovchi 10 yoshli Magulni ota-onasi 70 yoshli cholga qarzi evaziga berib yuborish arafasida. Ular qo‘shni choldan 200 ming afg‘oni (2200 dollar atrofida) qarz olgan, biroq ishsiz va jamg‘armasi yo‘q bo‘lganligi sababli pulni qaytarishning imkoni yo‘q.

Xabarda aytilishicha, xaridor Magulning otasi Ibrohimni Tolibon qamoqxonasiga sudrab olib kelgan va qarzini qaytara olmagani uchun uni qamatib yuborish bilan tahdid qilgan. Ibrohim xaridorga bir oy ichida to‘lashni va’da qilgan. Ammo endi aytilgan vaqt tugadi.

«Nima qilishni ham bilmayman, — deydi Ibrohim CNN bilan suhbatda. — Qizlarimni bermasam ham olib ketadi».

Chol Magulga yomon munosabatda bo‘lmasligini va u shunchaki uning uyida ovqat pishirish va tozalashda yordam berishini aytgan. «Ammo uning Magulning oilasiga qilgan do‘q-po‘pisalari oldida bunga ishonish qiyin», — deyiladi xabarda.

«Men uni chindan ham xohlamayman, agar meni [u bilan] ketishga majbur qilishsa, o‘zimni o‘ldiraman. Ota-onamni tashlab ketishni xohlamayman», — deydi Magul.

Zayton, 4 yoshda: «Nima uchun bunday qilishganini bilaman»

Qayd etilishicha, G‘o‘r viloyatidagi 4 va 9 yoshli ikki qizini sotayotgan to‘qqiz kishilik oilada ham xuddi shunday holat. Ota ko‘chirilganlar lageridagi ko‘pchilik qatori ishsiz, lekin u nogironlik bilan bog‘liq muammolardan ham aziyat chekmoqda.

U qizlarning har birini 100 ming afg‘onidan (taxminan 1100 dollar) sotishga tayyor. 4 yoshli Zayton nima uchun bunday qilishayotganini bilishini aytgan: «Chunki biz kambag‘almiz va yeyishga ovqatimiz yo‘q».

«Bizning boshqa choramiz yo‘q», — deydi qizlarning buvisi Ro‘xshona ko‘z yosh bilan.

«Erim qizlarimizni berib yubormasak, hammamiz ochlikdan o‘lamiz, deb aytdi»

AFP muxbirlari G‘arbiy Bodg‘is viloyatining poytaxti Qala-i-Navda joylashgan lagerda qizlarini sotayotgan o‘nlab nochor dehqonlar bilan suhbatda bo‘lgan. Bu haqda Daily Sabah nashri AFP`ga tayanib xabar qildi.

«Erim qizlarimizni berib yubormasak, hammamiz ochlikdan o‘lamiz, deb aytdi. Qizlarimni pul evaziga berib yuborganim uchun o‘zimni yomon his qilyapman», — deydi Fahima.

Chorasiz qolgan ota-ona ochdan o‘lmaslik uchun qizlari Farishta (6 yoshda) va Shukriyani (18 oylik) sotishga majbur bo‘lgan. Qizlarning kattasi 3350 dollar, kichigi esa 2800 dollarga baholangani, pulni ularning yangi oilalariga ketish vaqti kelguniga qadar bir necha yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishilgani aytilgan. Qizlarning bo‘lajak erlari ham hali voyaga yetmagan.

AFP`ga ko‘ra, bunday qizlar orasida 3 yoshli Zakereh, 8−9 yoshlardagi Asho, 9 yoshli Siana, 6 yoshli Edi Gul, 12 yoshli Habibe ham bor. Ularning barchasi oilasining qarzi evaziga o‘zlaridan 5−10 barobar katta yoshdagi erkaklarga unashtirib qo‘yilgan.

«Biz allaqachon favqulodda vaziyatdamiz»

CNN`ning yozishicha, Tolibon hokimiyatni egallab olganidan beri bu kabi holatlar soni o‘sib bormoqda.

BMT hisobotiga ko‘ra, aholining yarmidan ko‘pi ocharchilikdan aziyat chekmoqda. Kelgusi oylarda 5 yoshgacha bo‘lgan 3 milliondan ortiq bola to‘yib ovqatlanmaslikning og‘ir holatlariga duchor bo‘lishi kutilmoqda. Shu bilan birga, mamlakatda oziq-ovqat narxlari oshib bormoqda, banklarda pul yetishmayapti va ishchilar maoshi to‘lanmagan.

BMTning Gumanitar masalalarni muvofiqlashtirish boshqarmasi (UNOCHA) ma’lumotlariga tayanib xabar qilinishicha, joriy yilda 677 mingga yaqin odam urushlar tufayli uy-joyini tark etgan. Ularning aksariyati lagerlarda chodir va kulbalarda yashaydi.

«Bizda bu favqulodda vaziyatni to‘xtatish uchun bir necha oy yoki hafta vaqt yo‘q… biz allaqachon favqulodda vaziyatdamiz» — deya qayd etgan Human Rights Watch`ning ayollar huquqlari bo‘limi direktori o‘rinbosari Xezer Barr.

CNN`ga ko‘ra, «Tolibon» hokimiyatni egallab olganidan keyin qizlarga maktab ta’limi cheklanib, uyda qolish buyurilgach, muammo yanada keskin tus olgan. «Tolibon» qizlarning ham maktabga qaytishiga ruxsat berish rejasi ustida ishlayotganini ma’lum qilgan, ammo bu qachon sodir bo‘lishi yoki qanday shartlar qo‘llanilishi haqida ma’lumot berilmagan.

Mamlakatda qizlar kelin bo‘lib sotilgandan keyin esa ularning ta’limni davom ettirishi imkonsiz.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, kontratsepsiya yoki reproduktiv salomatlik xizmatlaridan foydalana olmagan holda, har yili 15−19 yoshli afg‘on qizlarining qariyb 10 foizi tug‘ruqni boshdan kechiradi. Shuningdek, ko‘pchiligi jinsiy hayotga jismonan va biologik jihatdan hali tayyor bo‘lmaganligi sababli ularda tug‘ruq turli yomon asoratlar bilan kechadi — 15−19 yoshli qizlarning homiladorlik bilan bog‘liq o‘lim darajasi 20−24 yoshli ayollarga nisbatan ikki baravar ko‘pdir.

Xalqaro moliyalashtirish to‘xtadi

CNN xabariga ko‘ra, Bodg‘isdagi mahalliy «Tolibon» yetakchilari oilalarni qizlarini sotishdan to‘xtatish uchun oziq-ovqat tarqatmoqchi ekanliklarini, bordiyu shundan keyin ham ular o‘z farzandlarini sotishda davom etsa, ularni qamoqqa tashlashlarini ma’lum qilishgan.

Xabarda aytilishicha, «Tolibon» va mamlakatdagi insonparvarlik guruhlari dunyo hamjamiyatining insonparvarlik yordamlari bunday erta nikohlarning ko‘payishiga to‘sqinlik qilishi mumkinligiga umid bildirmoqda.

«Tolibon» hukumat tepasiga kelgach, mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanchi bo‘lgan xalqaro moliyalashtirish mablag‘larining kirib kelishi to‘xtagan.

CNN buni xalqaro hamjamiyat mamlakatni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi «Tolibon»ni Afg‘oniston yetakchilari deb tan olganligining belgisi sifatida qabul qilinishini istamayotganligi bilan izohlamoqda.

BMT donorlari sentabr oyida mamlakatga 1 milliard dollardan ortiq qiymatdagi gumanitar yordam va’da qilgan edi, shundan 606 million dollari afg‘onlarning eng birlamchi ehtiyojlarini qondiradi. UNOCHA vakilining so‘zlariga ko‘ra, va’da qilingan mablag‘larning yarmidan kamrog‘i qabul qilib olingan, ba’zi a’zo davlatlar esa hali zarur mablag‘ni ajratmagan.

Tolibonning Bodg‘is viloyatidagi muvaqqat gubernatori Maulavi Abdul Sattor AFP bilan suhbatda holatga izoh berar ekan, «Bu [erta yoshdagi] nikohlar iqtisodiy muammolar tufayli sodir bo‘lmoqda, Islom amirligi yoki shariat tomonidan joriy qilingan biror qoida sababli emas», deya qayd etgani aytilmoqda.

sentabr boshida BMTning Afg‘onistondagi maxsus vakili o‘rinbosari va insonparvarlik masalalari bo‘yicha koordinator Ramiz Alakbarov Afg‘onistonda oziq-ovqat zaxiralari shu oyda tugashi mumkinligini ma’lum qilgan edi.

oktabr oyida Afg‘onistonga BMT Butunjahon oziq-ovqat dasturining 40 vagonga yaqin mahsulotlari Termizdagi logistika markazi orqali yetkazildi. BMT Qochqinlar masalalari bo‘yicha boshqarmasining 100 tonnalik insonparvarlik yordami logistika markazida qabul qilib olingani va mamlakat hukumatining uni olib kirishga ruxsat bermagani sababli hozircha Termizdan Afg‘onistonga yetkazilmaganligi xabar qilingan edi.