3 noyabr kuni Yaponiya hukumati 2021 yil kuzida Imperator ordeni bilan taqdirlangan xorijliklar ro‘yxatini e’lon qildi. Ro‘yxatdan Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev ham bor. U Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni chuqurlashtirish va do‘stona munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik xizmatlari uchun «Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi» ordeni bilan taqdirlangan. Bu haqda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

«Ko‘tarilayotgan quyosh ordeni katta tasmasi» Yaponiyaning eng yuqori ordeni bo‘lib, u bilan faqat yuqori natijalarga erishgan shaxslar taqdirlanadi va O‘zbekistonda birinchi marta berilmoqda. Bu Yaponiyaning 1875 yildan beri berilgan eng qadimgi ordeni. U olti darajaga ega.

«Sodiq Safoyev Yaponiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi muhim platforma bo‘lgan „Markaziy Osiyo+Yaponiya“ muloqoti ochilishi chog‘ida tashqi ishlar vaziri bo‘lib ishlagan va ko‘p yillar davomida Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga, jumladan, ushbu muloqotni rivojlantirishga hissa qo‘shgan», — deyiladi elchixona xabarida.

«Oliy Majlis — Yaponiya parlamenti» parlamentlararo guruhining sobiq raisi sifatida ikki davlat o‘rtasidagi parlament almashinuvini rivojlantirishga ham o‘z hissasini qo‘shgan, deyiladi xabarda.

«Shunday qilib, uning ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar va do‘stlikni mustahkamlash borasidagi yutuqlarini nihoyatda muhim deb atash mumkin», — deyiladi elchixona xabarida.