Rossiyalik ishbilarmon va metsenat Alisher Usmonovga qarashli «San’at, fan va sport» xayriya jamg‘armasi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan amalga oshirilayotgan O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish bo‘yicha loyihalarda hamkorlik qilmoqda. Bu haqda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi xabar berdi.

«San’at, fan va sport» jamg‘armasi jahonga mashhur yapon me’mori Tadao Ando muallifligidagi O‘zbekiston Davlat san’at muzeyining yangi binosi loyihasining dizayn konsepsiyalarini ishlab chiqish, knyaz Nikolay Romanovning sobiq qarorgohini hamda Toshkentdagi Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish va poytaxtdagi modernizm arxitekturasini asrash bo‘yicha «Modernizm 20/21» loyihalarini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi yangi binosining qurilishi

O‘zbekiston Hukumatining qaroriga muvofiq Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi uchun yangi bino qurish loyihasini amalga oshirilmoqda.


Pritsker mukofoti laureati Tadao Ando sifat va xavfsizlikni ta’minlashning eng yuqori xalqaro standartlarini o‘zida mujassam etgan hamda mamlakatimimzning tarixiy merosini saqlab qolish va «Yangi O‘zbekistonning yangi madaniy ramzi bo‘lishga qodir zamonaviy muzey yaratish g‘oyasiga asoslangan» muzey binosini loyihalash konsepsiyasini ishlab chiqdi.


Muzeyning dizayn konsepsiyasi kutubxona, ma’ruza zali, kafe, park, tomdagi terrasa, katta ko‘rgazma maydoni va omborni o‘z ichiga oladi.


Knyaz Nikolay Romanovning sobiq qarorgohini rekonstruksiya qilish loyihasi

O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining qarorini bajarish maqsadida 2019 yildan boshlab jamg‘arma tomonidan knyaz Nikolay Konstantinovich Romanovning sobiq qarorgohini restavratsiya qilish va uni keyinchalik O‘zbekiston Davlat san’at muzeyi filiali sifatida faoliyat ko‘rsatishi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Hozirgi vaqtda dastlabki rekonstruksiya konsepsiyasi ishlab chiqilgan. U asosiy bino va uning qanotlarining tarixiy maqsadiga muvofiq me’moriy rejasi, san’at asarlari ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi rejasi, landshaft dizayni, hamda mavjud favvoralarni restavratsiya qilish rejasini o‘z ichiga oladi.

Loyihaning asosiy urg‘usi jamoatchilik uchun ochiq ko‘rgazma maydonini yaratishga qaratiladi. Mehmonlar nafaqat muzeyga tashrif buyurishlari, balki saroy bog‘i hududida ham vaqt o‘tkazishlari mumkin.

Arxitektura loyihasini ishlab chiqish uchun taniqli Atelier Brückner (Germaniya) kompaniyasi jalb qilindi, ushbu kompaniya muhandislik va arxitektura yechimlari, ko‘rgazma maydoni dizayni, hamda qarorgoh landshafti dizaynini ishlab chiqadi.

Toshkentdagi zamonaviy san’at Markazini rekonstruksiya qilish loyihasi

Toshkentdagi zamonaviy san’at Markazi — bu Markaziy Osiyoda zamonaviy madaniyatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash uchun yangi makondir. Ushbu loyihani amalga oshirish maqsadida jamg‘arma Studio KO (Fransiya) me’moriy byurosi bilan hamkorlik qilmoqda.

Yaqin kelajakda zamonaviy san’atning yangi Markaziga aylanadigan bino 1912 yilda barpo etilgan. XX asrning boshlarida bu yerda, shaharda birinchi tramvay tarmog‘i uchun elektr energiyasi ishlab chiqaradigan dizel elektr stansiyasi bor edi. Aynan shu yerdan Toshkent shahrini elektrlashtirish boshlandi. Endi esa aynan shu yerdan zamonaviy O‘zbekistonning badiiy muhitini yangilash boshlanadi.


Rejaga ko‘ra, ta’mirlash ishlaridan so‘ng, Zamonaviy san’at markazi quyidagilarni o‘z ichiga oladi: ko‘rgazma maydoni, o‘zgaruvchan auditoriya, kinoteatr, kitob do‘koni, kutubxona, master-klasslarni o‘tkazish uchun maydon, kafe — restoran, arxiv, ochiq jamoat joylari, xodimlar uchun ofislar, omborxona.

Shuningdek, Zamonaviy san’at markazini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida, Toshkent shahrining tarixiy tumanlaridagi mahallalarda yosh rassomlar va hunarmandlar uchun badiiy turar-joylar (art-rezidensiyalar) ochilishi rejalashtirilgan.

«Modernizm 20/21». Toshkentda modernizm me’morchiligini saqlash, qayta tiklash va moslashtirish

Grace (Italiya) me’morchilik byurosi bilan hamkorlikda jamg‘arma Toshkentda joylashgan XX asr modernizmi obyektlarini asrash bo‘yicha yo‘l xaritasini ishlab chiqmoqda.

Loyiha Toshkentning turistik xaritasiga o‘tgan asrning 60−80 yillarida shakllangan yana bir muhim me’moriy qatlamni baholash, tiklash va kiritish metodologiyasini ishlab chiqishga mo‘ljallangan.


«Toshkent shahrida nafaqat mahalliy mutaxassislar tomonidan, balki xalqaro madaniy hamjamiyat vakillari tomonidan ham noyob deb topilgan ushbu davrga oid arxitektura obyektlari mavjuddir», — deyiladi xabarda.

«Mazkur loyihani amalga oshirgandan so‘ng O‘zbekiston poytaxtini birinchi „Modernizm poytaxti“ deb e’lon qilishimiz mumkin. Amaliy tadqiqotlar asosida muhim tarixiy qatlamni saqlab qolish zamonaviy metodologiyasini ishlab chiqish orqali, ushbu loyiha, modernizm asriga taalluqli bo‘lgan Toshkent me’moriy yodgorliklariga yangi hayot taqdim etishi hamda uning jozibasi va dolzarbligini namoyon etishi mumkin bo‘ladi», — deya qayd etdi jamg‘arma.

Loyiha maqsadi — tanlangan obyektlarga tashqi jozibadorlik va yorqinlikni taqdim etish, poytaxt aholisini madaniy va ijtimoiy yo‘nalishlarda o‘sishini ta’minlaydigan yangi muhitga ega bo‘ladigan ushbu binolarni funksional jihatdan takomillashtirishdir.

Ushbu me’moriy yodgorliklarni saqlab qolish va modernizatsiya qilish nafaqat shaharni qulay, turli ko‘rinishlarga boy va barqaror qiladi, balki sayyohlar uchun ham jozibadorligini oshiradi.