Toshkent shahridagi ko‘p qavatli va xususiy uylarga «aqlli» gaz hisoblagichlarini o‘rnatish 2022 yil 31 yanvarga qadar yakunlanishi rejalashtirilgan. Bu haqda xalq deputatlari shahar kengashi sessiyasida Hududgaz Poytaxt gaz ta’minoti filiali direktori Rustam Azimov ma’lum qildi, deb xabar berdi poytaxt hokimligi matbuot xizmati.

Jami 616 799 dona zamonaviy gaz hisoblagichlarini o‘rnatish rejalashtiriligan, ulardan 438 512 donasi ko‘p qavatli xonadonlarga, 178 287 donasi esa yerli xonadonlarga mo‘ljallangan. Buning uchun Hududgaz Poytaxt gaz ta’minoti filiali tomonidan 182 ta payvandchilar guruhi jalb qilingan.

Mart oyida «aqlli» gaz hisoblagichlarini o‘rnatish joriy yil oxirigacha yakunlanishi haqida xabar berilgan edi. So‘ngra shaharda 629 427 nafar chakana gaz iste’molchilari borligi, shundan 448 073 tasi ko‘p qavatli uylarda, 181 354 tasi xususiy uylarda ekanligi haqida aniqlik kiritilgan.

Hisoblagichlarni o‘rnatish aholi uchun bepul. Tashkilot besh yillik kafolatli xizmatni kafolatlaydi.

Prezidentning 2020 yil sentabrdagi qarori bilan 2021 yil 1 avgustga qadar O‘zbekistonning barcha hududlarida zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatgan holda gazni monitoring qilish va hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etishni yakunlash topshirilgan edi.

«Texnopark» MCHJ tanlov natijalariga ko‘ra hisoblagich va boshqa jihozlar yetkazib beruvchi sifatida tanlab olingan edi.

Toshkent shahar hokimligi tomonidan tashkil etilgan texnoparkda 2020 yil boshidan buyon Osten savdo belgisi ostida «aqlli» gaz hisoblagichlar ishlab chiqarilmoqda. «Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha 2021 yil iyuligacha 5,28 trln so‘mlik 3,54 mln dona elektron gaz hisoblagichlarini yetkazib berishni ko‘zda tutadi.

«Intellektual Mulk» axborot-qidiruv tizimi ma’lumotlariga ko‘ra, Artel Engineering va Management i J-United Group kompaniyalari (yagona ta’sischi Toshkent shahar hokimi bo‘lgan Jaxongir Ortiqxo‘jayev) Osten tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza topshirgan.