DXX xodimlarining Bosh prokuratura huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentning Toshkent shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbiri davomida firibgarlik bilan bog‘liq noqonuniy holatga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Xorijdan avtomashinalar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanuvchi, Toshkent shahrida yashovchi, 1981 y.t. shaxs Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumanida joylashgan fermer xo‘jalik rahbari bilan kelishgan holda, o‘zganing ishonchiga kiradi. Ushbu shaxslar fermer xo‘jaligining 16,5 gektar sug‘oriladigan yerini o‘zganing nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 600 ming dollar talab qilishadi. Shuningdek, ular bu ishga 1987 y.t. shaxsni ham jalb qilishadi.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ular so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Toshkent shahrida yashovchi, 1963 va 1975 y.t. ikki nafar fuqaro tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan shaxsning ishonchiga kiradi. Unga “kovrak” o‘simligi yetishtirishi uchun Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani o‘rmon xo‘jaligi hududidan 1000 gektar yer maydoni ajratilishida yordam berishlarini aytib, evaziga 300 ming dollar talab qilishadi.

Qarshi shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbiri davomida mazkur shaxslar so‘ralgan pulni olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Tergovoldi surishtiruv harakatlari davomida ular ushbu noqonuniy ishni o‘zini go‘yoki O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi inspektori deb tanishtirgan, 1988 y.t. hozirda Toshkent shahrida istiqomat qilib, aslida xonandalik bilan shug‘ullanuvchi, muqaddam sudlangan shaxs bilan 80 ming dollar evaziga hal qilishga o‘zaro kelishib olganliklari ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbir davom ettirilib, Toshkent shahrida dastlabki 24 ming dollarni olgan vaqtida u ham ushlandi.