2 noyabr kuni hukumatning “2021 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini moliyalashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga ko‘ra, Moliya vazirligi paxta-to‘qimachilik klasterlariga paxtani terib olish uchun yillik 14 foiz stavkada (shundan 1 foiz bank marjasi) kredit ajratish maqsadida olti oy muddatda qaytarish sharti bilan “Agrobank” depozitiga 1,6 trln so‘mgacha mablag‘lar joylashtiradi.

2021−2023 yillarda Jizzax, Qashqadaryo, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida tavsiya etilgan xizmat tariflaridan kelib chiqqan holda paxta terish mashinalari tomonidan terilgan har bir tonna paxtani yig‘ish xarajatlarining 30 foizi davlat budjeti hisobiga qoplab beriladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan o‘rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro‘yxat bo‘yicha xorijdan olib kelinadigan qishloq xo‘jaligi texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 3 yil muddatga bojxona to‘lovlaridan (QQS va bojxona rasmiylashtiruvchi yig‘imlardan tashqari) va utilizatsiya yig‘imidan ozod qilinadi.

Shuningdek, ushbu texnika, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlari “erkin muomalaga chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab QQSni 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.

Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha tumanlarida, Qashqadaryo viloyatining 6 ta, Surxondaryo viloyatining 4 ta tumanida paxta teruvchilarga amaldagi stavkaga qo‘shimcha ravishda har bir kg paxta uchun 230 so‘m ustama haq to‘lanadi.

sentabr oyi avvalida qo‘lda terilgan paxtaning har bir kilogrammi uchun birinchi terimda 1200 so‘mdan, ikkinchi terimda 1500 so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda haq to‘lanishi haqida xabar berilgan edi. Terim otryadlari rahbarlariga mavsum yakuniga qadar 2 mln so‘mdan mehnat haqi berilishi aytilgan.

Avvalroq paxta terimi mavsumida majburiy mehnat bo‘yicha o‘tkazilgan monitoringda 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln 450 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlangani haqida xabar berilgan. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxs javobgarlikka tortilgan.