Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov Cambridge University Press tomonidan o‘zbek maktablari uchun chop etilgan xalqaro darajadagi darsliklarni kelgusi yildan hamyonbop narhda ijara tizimi orqali olish imkoniyati yaratilishi ma’lum qildi.

Avgust boshida AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) O‘zbekistondagi maktablar uchun informatika va ingliz tili darsliklarini sotib olgani ma’lum qilingandi.

10 mln AQSh dollari qiymatiga teng turkum 5−11-sinflar uchun «Informatika va axborot texnologiyalari» fani bo‘yicha darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar, shuningdek, 1−11-sinflar uchun «Xorijiy til — ingliz tili» fanidan darsliklar, ish daftarlari va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalardan iborat.

USAID`ning «Gazeta.uz»ga xabar qilishicha, 3 noyabr Namangan va Sirdaryo viloyatlarining 208 ta umumta’lim maktablariga 385 ming dona darslik va o‘qituvchilar uchun qo‘llanmalar taqdim etilgan.

Foto: USAID.

2021−2022 o‘quv yilida mamlakatning 200 ta maktabida sinovdan o‘tkazilishi va yakunda kitoblarni chop etish huquqi O‘zbekistonga taqdim etilishi rejalashtirilgan.

1 noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida 2022 yil uchun budjet parametrlari yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda kelgusi yili ta’lim va tibbiyot tizimiga 58 trln so‘mga qo‘shimcha ravishda 12 trln so‘m ajratishni taklif qilgandi.

Foto: USAID.

Xalq ta’limi vaziri yozishicha, «kelgusi yil davlat budjetida darsliklarni chop etish uchun mustaqillik yillaridagi eng katta miqdordagi mablag‘larni nazarda tutish topshirilgan».

Uning so‘zlariga ko‘ra, Amazon kabi internet do‘konlaridan bunday kitoblarni sotib olmoqchi bo‘lsangiz, 1 donadan o‘quvchi kitobi va mashq daftari 30−60 dollar atrofida, o‘qituvchi kitobi esa 50−100 dollar atrofida turadi.


«Albatta, bunday narhlar 6,3 milliondan ortiq o‘quvchilarimiz oilalari uchun juda qimmatlik qiladi. Shu sababli, prezidentimizning kechagi topshiriqlari barcha maktablarimizda xalqaro darajadagi darsliklarni kelgusi yilda hamyonbop narhda ijara tizimi orqali olinishiga imkoniyat beradi», — dedi Sherzod Shermatov.

Vazir avvalroq, tez rivojlanayotgan dunyoda bolalarni ingliz tili va informatsion texnologiyalar ko‘nikmalariga ommaviy ravishda o‘rgatishga e’tibor qaratilayotganini aytgandi.


«Ishonchim komilki, hamkorlarimiz yordamida biz farzandlarimizga zamonaviy dunyoda intilish va o‘z salohiyatini to‘liq ochib berishga imkoniyat yaratib beramiz», — degan edi u.

Avvalroq, ushbu darsliklarning respublika bo‘yicha 6,5 milliondan ortiq o‘quvchi o‘rtasida taqsimlanishi 2022−2023-o‘quv yilidan boshlanishi ma’lum qilingandi.