O‘zbekistonlik tog‘ chang‘ichisi Komiljon To‘xtayev 2022 yilda Pekinda bo‘lib o‘tadigan qishki Olimpiada o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi, deb xabar berdi Chang‘i sporti federatsiyasi matbuot xizmati.

Sportchi «slalom» va «gigant slalom» yo‘nalishlarida saralash bahslaridagi chiqishlar doirasida ochkolar miqdori bo‘yicha belgilangan me’yorlarni bajardi. Endi O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sportchining O‘yinlarda ishtirok etishi uchun ariza berishi kerak.

Chang‘i sporti federatsiyasi tasdiqladi, Turizm va sport vazirligi esa 2022 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlariga to‘rt nafar sportchining (2 asosiy va 2 zaxira) o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari hamda saralash musobaqalariga tayyorgarlik ko‘rish dasturini moliyalashtiradi. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari Italiya, Avstriya va Rossiyada bo‘lib o‘tadi.

O‘zbekiston Xalqaro olimpiya qo‘mitasi qoidalariga ko‘ra, tog‘ chang‘isi bo‘yicha faqat 2 kvota (1 ayol, 1 erkak) talab qilishi mumkin.

Saralash davri 2019 yil 1 iyuldan boshlangan. Uning yakuniga — 2022 yilning 16 yanvariga qadar — O‘zbekiston 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga navbatdagi yo‘llanmani qo‘lga kiritishi mumkin.

«O‘zbekiston chang‘i sportining boshqa turlari — snoubord, fristayl, ski-kros, chang‘i yugurish turlari bo‘yicha yana bir qancha litsenziyalarni olish imkoniyatiga ega. Federatsiyaning chang‘i sportini rivojlantirish bo‘yicha takliflari avvalroq tayyorlanib, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda Turizm va sport vazirligiga taqdim etilgan», — deyiladi federatsiya xabarida.

Bundan tashqari, federatsiya vakillari an’anaga ko‘ra, yozgi Olimpiya o‘yinlariga litsenziya olish uchun davlat tomonidan sportchiga 100 million so‘m, murabbiyga esa 50 million so‘m miqdorida mukofot puli ajratilishini eslatib o‘tdi.

«Afsuski, bu amaliyot faqat yozgi Olimpiya o‘yinlariga tegishli. Qishki Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritganlik uchun bunday rag‘batlantiruvchi mukofotlar to‘lansa, adolatdan bo‘lardi», — deya taklif qildi federatsiya.

Qishki Olimpiya o‘yinlari Pekinda 2022 yilning 8−20 fevral kunlari bo‘lib o‘tadi. O‘tgan 2018 yilgi O‘yinlarda o‘zbekistonlik chang‘ichi Komiljon To‘xtayev va figurali uchuvchi Misha Ge ishtirok etgandi.