Oksford inglizcha lug‘ati 2021 yil uchun vax so‘zini («vaksina» yoki «vaksinatsiya ma’nosini bildiruvchi so‘zlashuv iborasi) tanladi. Bu haqda Oxford Languages veb-saytida ma’lum qilindi.

Lug‘at tuzuvchilari ta’kidlashicha, 2020 yilda nisbatan kam uchraydigan vax so‘zi bu yil 72 marta ko‘proq qo‘llanilgan va ko‘plab yasama so‘zlar ham paydo bo‘lgan. «Bu yilgi muhitni vax`dan ko‘ra yaxshiroq aks ettiruvchi so‘z yo‘q», deb ta’kidladi tuzuvchilar.

Vax so‘zi birinchi marta 1980 yillarda ot sifatida paydo bo‘lib, «vaksina» yoki «vaksinatsiya» degan ma’noni anglatgan. 2000 yillarning boshida u «emlash» ma’nosini anglatuvchi fe’l sifatida ham qo‘llanila boshlandi. Vaksina so‘zining o‘zi birinchi marta 1799 yilda va undan yasalgan so‘zlar — vaccinate («emlash») i vaccination («vaksinatsiya») 1800 yilda qayd etilgan Bu so‘zlar lotincha vacca so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, «sigir» degan ma’noni anglatadi.

O‘tgan yil davomida vax so‘zidan hosil bo‘lgan bir qator neologizmlar ham paydo bo‘ldi:

  • vaxxie («vaksi») — emlashdan oldin, vaqtida yoki keyin olingan selfi;
  • vaxinista («vaksinista», kinoya ma’nosida) — koronavirusga qarshi emlangan va ushbu maqomni va u bilan bog‘liq ijtimoiy va turistik imkoniyatlarini ko‘z-ko‘z qilgan shaxs;
  • vax (i)cations («vaksikeyshns») — post-kovid bayramlari;
  • vax-a-thon («vaksaton») — odamlarni ommaviy emlash bo‘yicha tadbir, xususan COVID-19ga qarshi;
  • anti-faxxer («anti-fakser») -kovidni inkor etuvchi odamlar uchun kamsituvchi atama;
  • vaxdar («vaksdar», radarga yaqin so‘z) — insonning emlanish holati haqida intuitiv ravishda taxmin qilish istagi.

«Ushbu so‘zlarning ko‘pchiligi doimiy va keng qo‘llanilmasada, lug‘atlarga kiritilmasada, ular yil muammolarining «leksik surati»ni taqdim etadi», — deyiladi tilshunoslar hisobotida.

O‘tgan yili Oksford lug‘ati yil so‘zini tanlay olmagan, chunki olimlar 2020 yilni — «bir so‘z bilan ifodalash mumkin bo‘lgan yil emasligini» ta’kidlashgan.