Bosh prokuratura tomonidan olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha belgilangan sport musobaqalarining g‘olib va sovrindorlariga OTMga kirish imtiyozining berilishida yo‘l qo‘yilgan qonun buzilishi holatlari o‘rganildi. Uning natijalari 30 oktabr kuni Turizm va sport vazirligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Turizm va sport vazirligi.

Ma’lum qilinishicha, 2018 yilda 421 nafar, 2019 yilda 1 213 nafar va 2020 yilda 2 367, jami 4 001 nafar yoshlar sportdagi yutuqlari uchun imtiyozdan foydalanib, OTMlarga o‘qishga kirgan. O‘tgan 3 yilda imtiyozdan foydalanuvchilar soni 5 baravarga ortgan.

Shuningdek, imtiyozdan foydalanuvchilar sonini sun’iy oshirish maqsadida ayrim sport musobaqalarining soni ham orttirilganligi aytildi.

Jumladan, imtiyoz beruvchi olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha 2018 yilda 206 ta musobaqa o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2021 yilda 296 tani tashkil etib, 30 foizga oshgan.

«Masalan, kalendar rejaga muvofiq 2018 — 2021 yillarda basketbol, voleybol va chim ustida xokkey bo‘yicha 146 ta respublika chempionatlari o‘tkazilishi lozim bo‘lsa-da, amalda ikki barobar ko‘p, ya’ni 273 ta musobaqalar o‘tkazilgan. Natijada, bu sport turlari bo‘yicha imtiyoz asosida o‘qishga tavsiya etilganlar ham yilma-yil ortib borgan, 2018 yilda — 18 nafar, 2019 yilda — 82 nafar, 2020 yilda — 295 nafar va 2021 yilda — 308 nafar», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, xalqaro musobaqalarda o‘zbekistonlik sportchilar natijalari pasayib borgan. 2018 yilda imtiyozli ravishda talabalikka qabul qilingan sportchilarning 44 nafari yoki 10,5 foizini Osiyo va Jahon chempionati g‘olib va sovrindorlari tashkil etgan. 2021 yilga kelib bu ko‘rsatkich kamayib, 13 nafar yoki 0,6 foizni tashkil etgan.

«Shuningdek, milliy chempionatlarni o‘tkazish jarayonini elektronlashtirish, video va foto tasvirga olish tizimli yo‘lga qo‘yilmasdan, barcha hujjatlar qog‘oz shaklida yuritib kelingan. Bu esa, musobaqalar natijalarini jamoatchilik uchun ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlamay, ayrim sport murabbiylari tomonidan musobaqa natijalari soxtalashtirishiga imkon yaratgan», — deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.

2020 yilda 31 nafar sportchi qalbaki hujjatlar asosida OTMlarga imtiyozli ravishda qabul qilinganligi aniqlangan. Shu bilan birga, joriy yilda o‘tkazilgan baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda voleybol musobaqalari natijalari bo‘yicha haqiqatda g‘oliblikni qo‘lga kiritmagan 7 nafar sportchiga imtiyozlar taqdim etilgan. Yig‘ilishda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilayotgani aytildi.

Qayd etilishicha, OTMlarga kirish uchun imtiyozli asosda tavsiya etilgan 1 921 nafar sportchi kasbiy (ijodiy) imtihondan o‘tkazilgan. Natijalarga ko‘ra, ishtirokchilarning 213 nafari (11 foizi) maksimal ballning 36 foizini ham to‘play olmagan. Yana 41 nafari ijodiy imtihon talablarini umuman bajara olmagan. G‘olib va sovrindorlarning 147 nafari turli bahonalar (hozirda sport bilan shug‘ullanmay qo‘yganligi va h.k.) bilan imtihonlarda ishtirok etmagan.

«Imtiyozlarning haqiqiy iqtidor egalariga emas, balki qo‘shtirnoq ichidagi sportchilarga taqdim etilishi holatlarida asosiy aybdor — musobaqa bosh hakami bo‘lib qolmoqda. O‘zbekiston chempionatiga bosh hakamni esa sport federatsiyalar belgilaydi. Bu jarayonga Turizm va sport vazirligi aralashmaydi. Va yakunda vazirlik tomonidan maxsus komissiyaga topshiriladigan hujjatlar ham aynan musobaqa bosh hakami tomonidan taqdim etiladigan bayonnomaga asosan shakllantiriladi», — deyiladi vazirlik xabarida.

Vazirlik OTMga kirish imtiyozlari haqiqatda iqtidorli bo‘lgan sportchi yoshlarga berilishi lozimligini ta’kidladi. «Ularning yillar davomidagi mehnatini yo‘qqa chiqargan «mutaxassislar»ga esa albatta qonuniy chora ko‘riladi», — deydi vazirlik.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2020 yil 24 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yanada takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 5924-sonli farmoniga binoan, olimpiya, paralimpiya, Osiyo va Para-Osiyo o‘yinlari, olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha jahon, Osiyo hamda respublika chempionatlari g‘olib va sovrindorlari universitetlarga kirish imtihonlarisiz, qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilingan.