So‘x tumanining «Navobod» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan yangi aeroport dastlabki sinov parvozini qabul qildi, deb xabar bermoqda Farg‘ona viloyati hokimligi.

Farg‘ona xalqaro aeroportidan amalga oshirilgan sinov Humo Air aviakompaniyasiga qarashli An-2P yo‘lovchi tashish samolyotida amalga oshirildi.

Mahalliy vaqt bilan soat 12:30 da Farg‘onadan havoga ko‘tarilgan layner soat 13:10 da So‘x aeroportiga qo‘ngan. Javohir Ma’rupov komandirligidagi ekipaj tomonidan amalga oshirilgan parvoz muvaffaqiyatli yakunlandi, deyiladi xabarda.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

Ilk parvoz tuman hokimi Sayidbahrom Sayidmusayev, tuman sektorlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari tomonidan kutib olingan. Samolyot qayta Farg‘onaga parvoz qildi va soat 14:07 da yana Farg‘ona xalqaro aeroportiga yetib keldi.

Amalga oshirilgan parvoz hamda So‘x aeroportida yaratilgan texnik sharoitlar mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi aytilmoqda.

Ta’kidlanishicha, jadal sur’atlar bilan barpo etilgan ushbu aeroport maydoni 7 gektar bo‘lib, uzunligi 700 metrni tashkil etadi.

Qurilish ishlari uchun davlat budjetidan 6,8 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, uchish maydonchasi, kutish zali, ovqatlanish shaxobchasi, savdo nuqtasi, dam olish joylarini o‘zida qamrab oladigan zamonaviy majmua tashkil etildi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi.

16 oktabr Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov So‘x tumanida qurilish ishlari yakunlanayotgan yangi aeroportni borib ko‘rgan edi.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyida Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida aerodrom qurilishi boshlangani haqida xabar berilgan edi. 4,5 gektar yer maydonida quriladigan aerodromning uchish va qo‘nish maydonchasi 650 metr uzunlikka ega bo‘lishi aytilgan. Loyiha qiymati 12 mlrd so‘mga baholangandi.

Bundan tashqari, An-2 samolyotlari, Humo AIR i Uzbekistan Helicopters kompaniyalarining Mi-8 vertolyotlarida parvozlar amalga oshirilishi xabar qilingandi. Qolaversa, Qo‘qon shahridan ham reyslarni amalga oshirish ko‘zda tutilgandi.