Moskva rasmiylari shahar qurilish maydonlarida chet ellik ishchilardan voz kechish rejasini ishlab chiqadi. Bu haqda Moskva shaharsozlik siyosati va qurilish bo‘yicha vitse-meri Andrey Bochkarev RBKga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vitse-merning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya poytaxtidagi qurilish obyektlarida «ikki-uch baravar ko‘proq» ish haqi bilan «uch baravargacha kam» ishchini jalb etish kerak. Uning fikriga ko‘ra, bu obyektlarni ikki baravar tezroq qurishga imkoniyat yaratadi. Bu obyektni qurishda yangi texnologik yechimlarga, shuningdek, jarayonni mexanizatsiyalashga yordam beradi, deb tushuntiradi Bochkarev. Masalan, devorlarni gipslash uchun to‘rt kishidan foydalanish yoki uning o‘rniga devorga eritmani surtadigan stansiyani qo‘yish mumkin, dedi u.

«Hozir Moskvada ishchilar va muhandislar yetishmaydi… Mehnat resurslari tanqisligi 40 foizga yaqin. Pandemiya tufayli mehnat migrantlari tarqab ketishdi: 120 mingdan atigi 40 mingtasi qoldi, ammo qurilish maydonlarida Moskva viloyati aholisi vakillari ko‘paydi. Bundan tashqari, migrantning o‘rtacha maoshi 30 ming rubldan 50−60 ming rublgacha o‘sdi, lekin hozir ko‘pchilik 80 ming rublga ham ishlashni xohlamaydi, — deydi Moskva meri o‘rinbosari.

Kapital qurilish loyihalarining xorijiy ishchi kuchiga bog‘liqligini kamaytirish uchun rasmiylar maxsus dastur yaratishga tayyorlanmoqda. «Men qurilish majmuasidagi hamkasblarim va pudratchilar oldiga Moskva shahridagi qurilish obyektlarida xorijlik ishchi kuchisiz ishlashimizga imkon beradigan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ydim», — dedi Bochkarev.

Islohotning mazmun-mohiyati qurilish obyektlarida ishchilar sonini qisqartirish, ularning malakasini oshirish, texnik ta’minot va ish haqini bir necha baravar oshirishdan iborat. Bochkarev o‘z qurilish maydonchalarida migrantlarni ishlatmaydigan Finlyandiya va Buyuk Britaniya mamlakatlarini misol tariqasida keltirdi va ushbu davlatlardagi qurilish obyektlarida ishchilarning o‘rtacha ish haqi Rossiya valyutasida 240−250 ming rublni tashkil qilishini qayd etdi.

Uning ta’kidlashicha, hozirda Rossiya poytaxtida ushbu formatga o‘tish uchun tajribalar o‘tkazilmoqda. «Masalan, qator obyektlarda reja bo‘yicha 450 kishi ishlashi kerak bo‘lsa, pudratchi 170 ta ishchi bilan loyihani amalga oshiryapti», — deydi u.

Bochkarev qurilish sohasidagi ta’lim sifatiga ham e’tibor qaratib, Rossiyada ushbu sohadagi asosiy intizom sanoat fuqarolik qurilishi fani bo‘yicha o‘qish 90%ga muhandislikdan (hisob-kitob, formula, konstruksiyalar va boshqalar), 10−15%ga qurilishni boshqarish usullaridan tashkil topganligini ta’kidladi. «Bizning o‘quvchilarimiz, o‘zim ham, asosan muhandislar».

«Amerikaliklarda, nemislarda, shvedlarda bu fanlar ikkiga bo‘lingan. Bittasi — muhandislik. Ikkinchisi — jarayonlarni tashkillashtirishni o‘rgatadigan construction management fani. Amerikadagi qurilishga kirsangiz, ishchilar instrumentlar osib olgan. Chunki ular pullarini samarodorligi uchun oladi. Bu kichkina narsadek tuyulishi mumkin, lekin bu orqali bitta odam uch kishining o‘rnini bosadi. Biz shunday ta’lim dasturlarini yaratishimiz kerak», — dedi Moskva meri o‘rinbosari.