DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda 12 nafar shaxs «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimi tarafdori sifatida gumonlanib, qo‘lga olingani haqida yozgan edik.

DXX matbuot xizmati ularning orasida mahalla raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, yakka tartibdagi tadbirkor qatorida masjid imom-noibi ham borligini ma’lum qilgandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabar berishicha, mutasaddi idoralar bilan olib borilgan muloqotlar natijasida ushbu xabarda «guruh a’zolari qatorida keltirilgan masjid imom noibi aslida boshqa kasb egasi ekani ma’lum bo‘lgan».

Idora bugungi murakkab davrda hushyorlik va ogohlik har qachongidan ham dolzarb vazifa ekanini teran anglagan imom-xatiblar, imom noiblari va diniy soha xodimlari buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi kurash ishlarida faol ishtirok etayotganini ta’kidlagan.

«O‘z navbatida, yolg‘on yoki tasdiqlanmagan axborotni tarqatish tegishli javobgarlikka sabab bo‘lishi, shuningdek, Islom dini ta’limotlarida qattiq qoralanganini alohida ta’kidlaymiz», — deyiladi munosabatda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston musulmonlari idorasi O‘zbekiston xalqini, ayniqsa yoshlarni internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali din niqobidagi shaxslarni jihod, hijrat tushunchalarini o‘zlarining botil da’volariga moslab talqin etayotgan da’vatlardan ogoh bo‘lishga chaqirib qolgan.