Angliyada ikki poyezd to‘qnashib ketishi oqibatida 17 kishi jarohatlandi

Angliyaning Solsberi shahrida ikki poyezd to‘qnashib ketdi. Oqibatda 17 kishi jarohatlangan, poyezd haydovchilaridan biri esa tiqilib qolgan, deya xabar berdi xabar berdi BBC. Poyezd haydovchilaridan biriga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

To‘qnashuv South Western Railway va Great Western xizmati poyezdlari ishtirokida sodir bo‘lgan. Xabarga ko‘ra, poyezdlardan biri tunneldagi obyektga urilgan, ikkinchi poyezd esa signalizatsiya muammosi tufayli u bilan to‘qnashgan. Jabrlanganlarning hammasi kasalxonaga yotqizilgan, ularning jarohati jiddiy emas. Hozirda halokat joyida 50 nafar o‘t o‘chiruvchi, shuningdek, politsiya va tez yordam xodimlari ish olib bormoqda. Poyezdlar harakati esa to‘xtatib qo‘yilgan.


Tokioda o‘lim jazosiga hukm qilinish uchun metroda yo‘lovchilarga hujum qilgan shaxs ushlandi

31 oktabr kuni Tokio metrosida yo‘lovchilarga pichoq bilan hujum qilgan erkak politsiyaga «odamlarni o‘ldirmoqchi bo‘lganini va o‘lim jazosini olmoqchi ekanini» tan oldi, deb xabar berdi Kyodo agentligi.

Qayd etilisha, hujum qilgan shaxs voqea joyida qo‘lga olingan, u qarshilik ko‘rsatmagan. Erkak o‘zini Kiota Xattori deb tanishtirgan, u 24 yoshda. Xabarga ko‘ra, hujum vaqtida u maskarad libosida bo‘lgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, hujum paytida erkakning bir qo‘lida oshxona pichog‘i, ikkinchi qo‘lida esa plastik shisha bo‘lgan. Xattori avvaliga sakkizinchi vagondagi keksa odamga pichoq bilan hujum qilgan, keyin esa oltinchi vagonga o‘tib, u yerda yong‘in chiqargan. Keyinchalik Xattori qo‘lidagi suyuqlikni to‘kib yuborgan va o‘t qo‘ygan.

Jabrlanganlar soni 17 kishini tashkil qilmoqda. Keksa odamning ko‘kragiga pichoq bilan urilgan zarbadan keyin uning ahvoli og‘ir ekani aytilmoqda. Qolgan 16 nafari yengil tan jarohati olgan yoki tutundan zaharlangan.


Ikki yillik tanaffusdan so‘ng ilk marta G20 davlatlari yetakchilari yuzma-yuz uchrashdi

Yakshanba kuni Rimda pandemiya boshlanganidan beri birinchi marta yuzma-yuz o‘tkazilgan G20 davlatlari yetakchilarining sammiti yakunlandi. G20'ga raislik qilayotgan Italiya yakunda erishilgan natijalardan mamnunligini bildirdi. Bu haqda TASS nashri xabar berdi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish Rimni tark etar ekan, Twitter’da sammit «umidlarni oqlamaganini», biroq «umidlar hali butunlay so‘nmaganini» yozdi.

Iqtisodiyot bo‘yicha G20 mamlakatlari yetakchilari eng yuqori siyosiy darajada yirik korporatsiyalarga 2023 yilda kuchga kirishi kerak bo‘lgan 15 foizlik minimal global soliqni joriy etish to‘g‘risida qarorni ma’qulladi. Bu soliq tarafdori bo‘lgan AQSh prezidenti Jo Bayden yirik kompaniyalar uchun minimal global soliqning joriy etilishi jahon iqtisodiyotini o‘zgartirishiga ishonishini bildirgan.

Italiya poytaxtidan barcha dunyo yetakchilari Glazgoga ko‘chib o‘tmoqda, u yerda BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi bo‘lib o‘tadi. Iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash choralari bo‘yicha muhokamalar davom etadi.


Ispaniyada Xellouin kunida otishma yuz berdi

RIA Novosti ma’lumotlariga ko‘ra, Xellouin kunida Torrent (Valensiya provinsiyasi, Ispaniya) qabristonida yuz bergan otishmada ikki kishi halok bo‘ldi.

Bir kishi ikki qarama-qarshi lo‘li urug‘ining otishmasi qurboni bo‘ldi, yana biri yurak xurujidan vafot etdi va bu favqulodda holat otishma bilan bog‘liq emas, deb yozadi Las Provincias.

Shu bilan birga, otishma o‘zaro urushayotgan klanlar o‘rtasida emas, balki bir oila a’zolari o‘rtasida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lgan shaxs 45 yoshda, uning 20 yoshli o‘g‘li esa yaralangan. Shuningdek, qabristonga tashrif buyurgan 79 yoshli qariya yurak xurujidan vafot etgani xabar qilingan.


Ukrainaning Kiyev shahrida ku-kluks-klan libosidagi shaxslar irqchilikka qarshi namoyish o‘tkazdi

Ku-kluks-klan kiyimidagi odamlar yakshanba kuni Kiyev markazida miting o‘tkazdilar, ular qo‘llarida irqchilikka oid yozuvlar yozilgan plakatlarni ushlab turdi, deb xabar beradi Ria Novosti.

«Kecha Kiyevda irqchilikka qarshi miting bo‘lib o‘tdi. Ku-kluks-klan kiyimidagi odamlar „Ha, biz irqchilarmiz, KKK qaytdi“, „White Power“ plakatlari bilan Kiyev markazidan o‘tishdi», — deyiladi nashr bayonotida.

Avgust oyida Ukrainada irqchilik mojarosi avj oldi. Kiyevda noma’lum shaxslar yunon-rum kurashi bo‘yicha ukrainalik Olimpiada chempioni va Oliy Rada deputati Jan Belenyukning oldiga borib, uning irqini haqorat qilgan. Ukraina huquq-tartibot idoralari xodimlari bu bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ushbu voqeani izohlar ekan, Ukrainada irqchilik ko‘rinishlariga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deya ta’kidlagan. Keyinchalik Beleniuk radikal muxlislardan qo‘rqib, irqchilik namoyon bo‘lgani uchun stadionga futbol tomosha qilish uchun bormaganini aytgan — Ria Novosti.


Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning samolyoti Buyuk Britaniyaga kiritilmadi

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning samolyoti texnik talablarga javob bermagani uchun Buyuk Britaniyaga kiritilmadi, deb xabar bermoqda prezident ma’muriyatiga tayanib Sputnik Qirg‘iziston.

«Davlat rahbari uchayotgan „Bort №1 — TU-154“ samolyoti Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniyaning texnik standartlariga javob bermaydi. Shu munosabat bilan Qirg‘iziston tomoniga ushbu turdagi samolyotlarni qo‘ndirishning iloji yo‘qligi haqida xabar berilgan», — deyiladi xabarda.

Xabarga ko‘ra, Japarov Glazgoga Embraer Lineage 1000 xususiy samolyotida uchgan. Prezident hozir Buyuk Britaniyaga yetib kelgan va u seshanba kuni sammitda nutq so‘zlaydi.

Shuningdek:

  • 1 noyabr holatiga ko‘ra dunyo miqyosida COVID-19 qurbonlari soni 5 milliondan oshdi. COVID-19 testini o‘tkazish imkoniyatining cheklanganligi hamda odamlar uy sharoitida tibbiy yordamsiz halok bo‘layotgani sababli, ayniqsa, Hindiston kabi dunyoning qashshoq mamlakatlarida, bu hisob-kitoblar haqiqiy holatni aks ettirmasligi mumkin. Ya’ni rasmiy statistika real voqelikdagi o‘lim holatlari sonidan kamroq bo‘lishi mumkin — Associated Press