2021 yilgi paxta yig‘im-terimi mavsumi davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurashish hamda munosib mehnat sharoitlarini yaratish yuzasidan monitoring tadbirlari o‘tkazildi, deb xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Monitoring tadbirlari doirasida davlat mehnat inspeksiyasining ishchi guruxlari tomonidan respublikaning barcha tumanlaridagi 13 mingga yaqin tashkilot, fermer ho‘jaliklari hamda paxta dalalari o‘rganilgan.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, inspeksiyaga paxta mavsumida majburiy mehnat hamda mehnat huquqlari buzilishiga oid call markaz orqali — 54 ta, web sayt orqali — 15 ta, ijtimoiy tarmoqlar orqali — 24 ta hamda 35 ta yozma murojaatlar kelib tushgan.

Qayd etilishicha, mazkur monitoringlar va murojaatlarni o‘rganish natijasida Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan mehnat qonunchiligini buzganligi uchun 65 nafar mansabdor shaxsga jami 198 mln 450 ming so‘m miqdorda ma’muriy jarima tayinlandi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2021 yilgi paxta-yig‘im terimi davrida majburiy mehnatga yo‘l qo‘yganligi uchun 5 nafar mansabdor shaxslar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasiga asosan javobgarlikka tortilgan va 1 ta holat yuzasidan tegishli hujjatlar sudlarga kiritilgan.

Bundan tashqari, 21 ta holatda mehnat shartnomasi tuzilmaganligi, 25 ta holatda mehnat sharoitlari yaratilmaganligi, 14 ta holatda terim pullarining o‘z vaqtida to‘lamaslik faktlari aniqlanib, mansabdor shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, aniqlangan qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan 48 ta holat yuzasidan yozma ko‘rsatmalar kiritilgan, deyiladi xabarda.

Qayd etilishiga ko‘ra, paxta mavsumida majburiy mehnatga qarshi kurashish va munosib mehnat sharoitlarini yaratilishi bo‘yicha nafaqat Davlat mehnat inspeksiyasi, balki Kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan jamoatchilik asosida Milliy monitoring, senatorlar, deputatlar, jurnalist va blogerlardan iborat ishchi guruhlar, shuningdek Xalqaro Mehnat Tashkilotining uchinchi tomon monitoringi olib borilmoqda.