Fransiya poytaxti Parij shahrida o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha harbiylar o‘rtasidagi jahon chempionati bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda MOQ axborot xizmati xabar berdi.

Tokio-2020 sovrindori Davlat Bobonov O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga navbatdagi oltin medalni taqdim qildi.

-90 kg vazn toifasidagi bellashuvlarda ishtirok etgan O‘zbekistonning Davlat Bobonov final bahsida braziliyalik Godoy De Machedoni mag‘lubiyatga uchratdi. Ma’lumot uchun, Davlat Bobonov finalga qadar Avstriya, Rossiya va Slovakiya dzyudochilaridan ustun kelgan.

Bobonovdan tashqari Dilshojon Baratov (-60 kg), Muzaffarbek To‘raboyev (-100 kg) va Diyora Keldiyorova (-52 kg) chempion bo‘ldi. Shohrux Baxtiyorov (100 kg) bronza medali sohibiga aylandi. Dzyudochilar jamoaviy bahslarda chiqishlarini davom ettiradilar.

Avvalroq Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida dunyo reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilib olgan edi. U Rishod Sobirovning 9 yil avvalgi natijasini takrorladi.

“Gazeta.uz” avvalroq Davlat Bobonovning murabbiyi O‘ktam Rahmonov bilan intervyuni e’lon qilgan edi.