DXXning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Jihodchilar» diniy ekstremistik oqimi tarafdorlaridan iborat noqonuniy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ular o‘zaro yig‘inlar vaqtida «Jihodchilar» oqimi g‘oyalari yo‘g‘rilgan audio-video ko‘rinishdagi materiallarni tinglab, tomosha qilishgan hamda hijrat va jihod qilishga xayrixohlik bildirishgani aniqlangan.

Ta’kidlanishicha, guruhning 1969−1995 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 12 nafar a’zosi orasida mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, o‘rta maktab o‘qituvchisi, masjid imom-noibi, yakka tartibdagi tadbirkor hamda mavsumiy ishchilar bor.

Guruh a’zolarining yashash manzillari ko‘zdan kechirilganda xotirasida diniy mazmundagi audio-video materiallar mavjud bo‘lgan uyali aloqa vositalari va fleshkartalar, shuningdek, nashriyoti ko‘rsatilmagan kitoblar borligi aniqlanib, ekspertizadan o‘tkazish uchun rasmiylashtirib olindi.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.