Belgradda (Serbiya) boks bo‘yicha o‘tkazilayotgan jahon chempionatining beshinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi safidan to‘rt nafar bokschi ishtirok etdi.

Shaxobiddin Zoirov (-54 kg) birinchi bo‘lib serbiyalik Tamir Galanovga qarshi ringga chiqdi. 28 yoshli o‘zbekistonlik bokschi raqibiga hech qanday imkoniyat qoldirmadi va yirik 5:0 hisobida g‘alaba qozondi.

«Yirik chempionatlarda mezbon mamlakat vakillari bilan raqobatlashish qiyin. Har bir jangning o‘ziga xos qiyinchiliklari bor, lekin men ko‘rsatmalarga amal qilishga harakat qildim, shu tufayli g‘alaba qozondim», — dedi Zoirov AIBAga bergan intervyusida.

Keyin esa Madiyar Saidrahimov (-92 kg) ringga chiqdi, uning raqibi belaruslik sportchi Vladislav Smyaglikov bo‘ldi. Har bir raund o‘zbekistonliklarning foydasiga yakunlandi va yakunda 5:0 hisobida Saidrahimov g‘alaba qozondi. U keyingi bosqichda qozog‘istonlik Aybek Oralbay bilan jang qiladi.

Uchinchi bo‘lib jangni 2018 yilgi o‘smirlar Olimpiadasi g‘olibi Abdumalik Xalakov (-60 kg) o‘tkazdi. Chorak final yo‘lida unga makedoniyalik Jasin Lama qarshilik ko‘rsatdi. Xalakov ham barcha raundlarni o‘z foydasiga hal qildi va yirik hisobda g‘alaba qozondi — 5:0. Uning ¼ finaldagi raqibi Sloveniya va Panama vakillari juftligi g‘olibi bo‘ladi.

Kechaning asosiy bahsi -71 kg vazn toifasidagi Shaxram G‘iyosovning qozog‘istonlik bokschi Aslanbek Shimbergenovga qarshi jangi bo‘ldi. Har ikki sportchi ham yuqori texnikani namoyish etdi, ammo g‘alaba tezroq va aqlliroq qozog‘istonlik bokschiniki bo‘ldi, deya qayd etdi AIBA. Amaldagi jahon chempioni Shahram G‘iyosov 5:0 hisobida mag‘lub bo‘ldi va turnirni tark etdi.

Chempionatning oltinchi kuni taqvimi:
-48 kg: Nodirjon Mirzaaxmedov — Rikki Nesbitt (Irlandiya);
-80 kg: Odiljon Aslanov — Simone Fiori (Italiya);
-63 kg: Mujibillo Tursunov — Tayga Imanaga (Yaponiya);
-75 kg: Saidjamshid Jafarov — Yuito Marivaki (Yaponiya).