Rossiya hududida vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari uchun majburiy ro‘yxatdan o‘tish (bo‘lib turgan joyida hisobga qo‘yish) muddati 7 kundan 15 kunga uzaytirilishi mumkin. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan tayyorlangan prezident qarori loyihasiga tushuntirish xatida bu haqda so‘z boradi.

Hujjat 2021 yil 17 iyun kuni Toshkent va Moskva shaharlarida diplomatik kanal orqali imzolangan O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiya hududida va Rossiya fuqarolarining O‘zbekiston hududida bo‘lishlari tartibi to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlashni nazarda tutadi.

O‘zbekiston IIVning qayd etishicha, Rossiya Federatsiyasi hududida ro‘yxatdan o‘tish tartibi RF vakolatli organlari tomonidan qiyinlashtirilishi oqibatida (mehnat faoliyatni amalga oshirish bo‘yicha patent rasmiylashtirish) ushbu davlat hududida o‘z mehnat faoliyatini olib borayotgan migrantlarga bir qator qiyinchiliklar yuzaga kelitirib chiqarmoqda. Natijada, ular tomonidan sodir etilishi mumkin bo‘lgan migratsiya sohasidagi huquqbuzarliklar sodir etilmoqda.

Xuddi shunday qonun loyihasini tayyorlagan Rossiya IIVning ta’kidlashicha, Rossiyada ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha taklif etilayotgan tartiblar hozirda Belarus, Armaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolariga nisbatan qo‘llanilmoqda.