Yangiyo‘lda qalbaki pul ishlab chiqarishda gumon qilinayotgan shaxslarning faoliyatiga chek qo‘yildi, deb xabar qildi Davlat xavfsizlik xizmati matbuot xizmati.

Qo‘lga olish bo‘yicha tezkor tadbir DXXning Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazildi.

DXX ma’lumotlariga ko‘ra, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan (1993 yilda tug‘ilgan) o‘z uyida onasi va birga yashovchi ayol bilan qalbaki milliy valyuta yasash bilan shug‘ullangan.

Olib borilgan tezkor tadbir davomida ulardan umumiy qiymati 19,6 mln so‘mlik 196 dona 100 ming so‘mlik qalbaki pullar, shuningdek, 2 dona kompyuter, 2 dona rangli printer, bir dona qog‘oz maydalagich va boshqa kanselyariya buyumlari ashyoviy dalil sifatida olindi.

Shuningdek, ularning uyidan 1 dona pnevmatik to‘pponcha ham topilgan va olib qo‘yilgan.

Bundan tashqari, qalbaki valyuta sotib olish uchun kelgan Samarqand viloyati Nurobod tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan ikki nafar (1971 va 1984 yillarda tug‘ilgan) shaxslar qo‘lga olindi.

Ayni vaqtda mazkur holat bo‘yicha tergov ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.