Tokiodagi Olimpiada o‘yinlaridan so‘ng 46 yoshli o‘zbekistonlik gimnastikachi Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlaganini ma’lum qildi. U gimnastika tarixida sakkizta yozgi olimpiya o‘yinlarida qatnashgan yagona sportchi hisoblanadi. Ushbu olimpiadalarning to‘rttasida, jumladan, oltin medal qo‘lga kiritilgan 1992 yilgi musobaqalarda Chusovitina Svetlana Kuznetsova murabbiyligi ostida qatnashgan. «Gazeta.uz» murabbiydan sportchilarni tarbiyalash, milliy gimnastikadagi kamchiliklar, Oksana Chusovitinaning daholigi va katta sportga qaytishi haqidagi fikrlarini so‘radi.


Pusandagi 2002 yilgi Osiyo o‘yinlari. Svetlana Kuznetsovaning shaxsiy arxividan.

— Qanday qilib murabbiy bo‘lgansiz va nima uchun murabbiy bo‘lishni istagansiz?

— Men har doim sport gimnastikasini yaxshi ko‘rganman va o‘zim ham shu sport turi bilan shug‘ullanganman. Aks holda murabbiy bo‘la olmasdim. Sport gimnastikasi — tavakkalchilik, jasorat, chaqqonlik va kuch bilan uyg‘unlashgan go‘zallik hisoblanadi. Ota-onam gimnastika bilan shug‘ullanishimni istashmagan, lekin men bo‘sh kelmasdan sport maktabiga borganman. So‘ng ulardan yashirincha Jismoniy tarbiya institutiga o‘qishga kirdim. O‘sha paytlarda murabbiylik men uchun vaqtinchalik mashg‘ulot deb o‘ylardim. Ammo keyinchalik bu soha hayotim mazmuniga aylandi.

— Murabbiy bo‘lmaganingizda, qaysi sohada faoliyat olib borgan bo‘lardingiz?

— Mening qiziqishlarim juda ko‘p. Men hamma narsani o‘rganishni yaxshi ko‘raman. Yoshligimda fizika va matematikaga rosa qiziqardim. Hattoki, kosmos bilan bog‘liq elektromagnit to‘lqinlarini ham o‘rganmoqchi bo‘lganman. Ammo gimnastika ham kichik kosmos hisoblanib, bu yerda ham hayratda qoldiradigan tryuklar mavjud. Vestibulyar apparatni mashq qildirish nafaqat astronavtlar, balki gimnastikachilar uchun ham juda muhim.


— Sportchilar ko‘p vaqtlarini murabbiylari bilan o‘tkazishadi. Hattoki, ular murabbiylarini oila a’zosi deb hisoblashadi. Ushbu gapga qo‘shilasizmi?

— Oksanaga 22 yil, 2004 yilgacha ustozlik qilganman. Menga uning ikkinchi onasi ekanligimni aytishganida, men buni inkor qilganman va unaqa emasligini unga ham tushuntirganman. Mening qizim ham gimnastika bilan shug‘ullanadi. Mashg‘ulot paytida men uning onasi ekanligimni unutaman va murabbiy Svetlana Mixaylovnaga aylanaman. Oksana bilan ishlashni to‘xtatganimizdan so‘nggina men uning «onasi»ga aylangan bo‘lsam kerak.

Hozir men murabbiy va sportchi ona-bola emas, balki sherik bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Lekin trigonometriyada bo‘lgani kabi ular turli darajalarda, turli tekisliklarda bo‘lishadi. Agar murabbiy yengil obro‘ ketidan quvsa yoki sportchiga past nazar bilan qarasa, shogird yaxshi natijalarga erishmaydi yoki bu natijalar qisqa muddatli bo‘ladi.

Murabbiy o‘z farzandlaridan ham ko‘proq sportchilari to‘g‘risida qayg‘uradi. Murabbiyning bolasi istagan vaqtda ovqat yeyishi mumkin, ammo sportchining maxsus rejimi mavjud. Farzandingiz bemalol filmlarni tomosha qilish mumkin, sportchi esa tiklanishi lozim.

Men insonning imkoniyatlari deyarli cheksiz ekanligiga ishonaman. Ammo sportchilarning o‘zlari o‘z imkoniyatlari chegarasini kengaytira olishmaydi. Bu birgalikda, hamkorlikda bajariladigan ish. Sportchi hech qachon murabbiysiz ishlay olmaydi, jumladan Oksana ham doim kimningdir rahbarligi ostida ishlaydi. Murabbiysiz sportchi eng baxtsiz odam bo‘lardi.

Mashg‘ulotlar davomida murabbiyning shogirdlariga rahmi kelmaydi. Gimnastikachilar umidsizlikka tushganlarida ham sportda o‘ziga xos talablar borligini bilishlari lozim. Murabbiy talabchan bo‘lishi zarur, lekin ekspluatator yoki shafqatsiz emas.

Murabbiy sportchining og‘ir mashg‘ulotdan keyin ham quvonch his qilishiga erishishi kerak. Sport azob manbaiga aylanib qolmasin. Aksincha, sport hayoti unutilmas voqelikka aylanishi kerak. Shogirdlar ulg‘aygach, bu unutilmas hayotni murabbiy bilan birga xotirlashadi. Musobaqa oldidan o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarda shogirdlarim shunday ajoyib lahzalarni boshdan kechiradilarki, yerdan ko‘tarilib, uchib ketadiganga o‘xshaydi — bu tuyg‘ularni so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydi.

Murabbiy topag‘on bo‘lishi kerak. Agar u bolalar bilan ishlasa, bolaga aylanishi lozim. Bolalar bilan bosqichma-bosqich qadam tashlash, lekin shu bilan birga, ular uchun bilim va harakatda namuna bo‘lish kerak.

Barcha odamlar, shu jumladan bolalar ham o‘z qadr-qimmatiga ega. Bolalarni hurmat qilish, ular bilan hisoblashish va ular bilan gaplashish lozim. Kattalar ko‘p narsani tushunishadi, bolalarni katta dunyoga olib kirish uchun esa murabbiyga ehtiyoj seziladi.

— Shogirdlaringizga qanday qadriyatlarni singdirasiz?

— Inson sportga keldimi, bu ish bilan halol shug‘ullanishi kerak. Har qanday ishda ham shunday aslida. Shuningdek, o‘zaro hurmat, boshqalarning vaqtini hurmat qilish va tartib-intizom kabi xususiyatlarni juda qadrlaymiz.

Bolalar shafqatsiz bo‘lishadi. Ularni oddiy narsalar orqali rahmdil bo‘lishga o‘rgatish kerak. Masalan, yiqilgan yoki biror narsa qo‘lidan kelmaganlar ustidan kulmaslikni o‘rgatish. Ba’zida bolalar xato qilib qo‘yishadi, shuning uchun ularning e’tiborini o‘sha vaziyatga qaratib turish va to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish kerak. Ba’zan ularni jazolashingiz ham mumkin, lekin buni ham eplay bilish kerak.

Biz, shuningdek, vatanga muhabbat tuyg‘ularini singdiramiz. Vatanga muhabbat hayotning o‘zgarmas qonuni hisoblanadi. Shohsupada turganingizda sharafingizga madhiya yangrasa, faxr tuyg‘usini his qilasiz. Boshqacha bo‘lishi mumkin emas.

Men bu axloqiy qadriyatlarga katta ahamiyat beraman. Ammo moddiy manfaat ham yaxshi motivatsiya bera oladi.

— G‘alaba qozonish uchun sportchi qanday xususiyatlarga ega bo‘lishi kerak?

— Ko‘pincha sportchining texnikasi yetarli bo‘ldi, taktikasi to‘g‘ri tanlandi, lekin matonat yetishmagani bois g‘alaba qozona olmadi deyishadi. Oksana Chusovitina esa matonati bilan ajralib turadi. Dastlab uni hamma ham yulduz deb hisoblamasdi. Hech kim ishonmasdi. Lekin uning matonati meni hayratda qoldirgandi. Men buni intuitiv ravishda his qilardim.


2012 yilgi Jahon chempionati, Vengriya. Svetlana Kuznetsovaning shaxsiy arxividan.

Men uni g‘ayritabiiy iste’dod sohibasi deb ayta olmayman. Ha, u juda ko‘p mashq qilgan. Lekin u o‘z ustida ishladi va o‘zi bilan kurashishga o‘zini majburladi. U yaxshi sakrasada, raqsga tushishni yoqtirmasdi. Oksana yaxshi do‘st, o‘z ishiga halollik bilan yondashadi. Bu insoniy fazilatlar unga aql bovar qilmas muvaffaqiyatlarga erishishga yordam berdi.

Oksana sport shaydosi. Ba’zi sportchilar zo‘riqishlarga chiday olmay faoliyatini erta yakunlashdi. Agar ularda sportga bo‘lgan muhabbat kuchli bo‘lganida, aslo sportdan ketishmasdi. Oksananing daholigi uning chidamliligida. O‘ylaymanki, har qanday daholik, shu jumladan yuqori natijalar sporti ham katta hayotiy kuch va irodani jamlashni talab qiladi.

— Shogirdlaringiz qanday qoidalarga amal qilishlari kerak?

— Menda maxsus qoidalar mavjud emas. Men bolalarga to‘g‘ri ovqatlanishni o‘rgataman. Ular ortiqcha ovqatlana olishmaydi. Ovqatdan tana uchun eng foydali moddalarni oladigan darajada taomlanishingiz kerak. Sportchilar to‘g‘ri suv ichish rejimiga rioya qilishlari lozim. Hamma narsada, hatto mashg‘ulotda ham me’yorni bilmoq darkor.

— Chempion birinchi navbatda iqtidorli bo‘lishi kerakmi yoki mehnatsevar?

— Bir safar jurnalist meni chempionning murabbiyi deb atadi, biroq o‘shanda qo‘l ostimda chempionlar shug‘ullanmas edi. Oksana bor edi, lekin yangilari yo‘q edi. Jurnalist chempionlar turli xil bo‘lishini aytdi — shahar chempionidan tortib olimpiada chempionigacha. Boshida men uning gaplarida hech qanaqa ma’no ko‘rmagan edim. Keyinchalik o‘ylab qoldim — u haq ekan.

Menga doimo birinchi o‘rin kerak. Ammo har kimning qobiliyati har xil. Bolalarni aslo sindirib qo‘ymaslik lozim. Agar sportchi qobiliyatli bo‘lsa, u chempion bo‘lishi uchun hamma narsani qilish kerak.

Mashg‘ulotlarimizda besh balllik tizimni joriy qilganmiz, bolalar o‘yin orqali bir-birlari bilan raqobatlashadilar. Bu usullar raqobat muhitini yaratadi va biz bolalarga g‘alaba ta’mini singdirib boramiz.

Chunki tug‘ma iste’dod kamdan kam uchraydi. Ko‘pincha murabbiy, to‘g‘ri mashqlar va sportchilarning mashaqqatli mehnati tufayli iqtidori namoyon bo‘ladigan qobiliyatli bolalar uchraydi. Ko‘p holatlarda iqtidorli bolalar muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Dastlabki bosqichda ular uchun hamma narsa oson kechadi, lekin yuqori darajaga erishish uchun mehnat yoki qat’iyat yetishmaydi.

Biroq chempion yetishtirish uchun shart-sharoit kerak. Mamlakatimizda gimnastikachilarni tayyorlash uchun ixtisoslashtirilgan sport zallari yo‘q. Olimpiya zaxiralari kollejida beshinchi yildirki snaryad mavjud emas. Ushbu binoning birgina zali mavjud. Bizni bu zalga o‘tkazishganda, snaryadlar u yoqdan bu yoqqa tashilib, buzilib ketdi.

Men sportchilarni Parij-2024 ga tayyorlamoqchiman, biroq bizning sharoit bilan buning iloji yo‘q. To‘g‘ri, olimpiadaga litsenziya beradigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish mumkin, ammo jahon darajasidagi gimnastika jihozlarisiz olimpiya o‘yinlarida natijaga erishish imkonsiz ish. Sharoit yaratilmasa, yuqori toifali sportchilarni tayyorlay olmaymiz deb har bir rahbarga aytaman. Juda iqtidorli bolalar uchrashiga qaramasdan, o‘rta saviyadagi gimnastikachilarni tayyorlaymiz.


Murabbiylar jamoasi har doim o‘z g‘oyalariga sodiq. Pulimiz kam bo‘lsa ham, homiy topish biz uchun juda qiyin bo‘lsa ham, baribir ishlashda davom etamiz. Olimpiada shohsupasiga bir marta ko‘tarilganimdan keyin pastga tushishni xohlamayman. Sportchilarni jahon darajasiga olib chiqishga qiziqaman.

— Shogirdlaringiz g‘alabasidan oldingi lahzalarni eslay olasizmi? Chiqishdan oldin ularni qanday ruhlantirardingiz?

— To‘rtta kattalar va ikkita o‘smirlar toifasidagi olimpiadada ishtirok etganmiz. Katta musobaqalarda sportchiga singdirilgan hamma narsa namoyon bo‘ladi: tarbiya, texnika, mashg‘ulot, o‘zaro tushunish va yaqinlik.

Sportchilar hech kimni eshitmasliklari mumkin, lekin murabbiyning ovozini doimo eshitishadi — u gipnozga o‘xshaydi. Men gimnastikachilarni snaryadga qarab sozlayman. Umuman olganda, ularning barcha harakatlari avtomatik holatga keltiriladi.

— G‘alaba va mag‘lubiyatni qanday boshdan kechirish kerak?

Sportchining yonida uning yaqin odami bo‘lishi kerak. G‘alabadan keyingi his-tuyg‘ulardan so‘ng shunday bo‘shliq paydo bo‘ladiki, odam gapirish, ovqatlanish va suv ichishni ham xohlamaydi. G‘alabadan so‘ng bir oz nafas rostlab olish lozim. Ba’zilar, sportchining vaqtichog‘lik qilishi va intervyular berishi kerakligini aytadi. Biroq sportchilar asab tizimini tartibga keltirishi kerak.

Katta maqsad yo‘lidagi muvaffaqiyatsizlik — bu orqaga emas, oldinga tashlangan qadam. Sportchi o‘z xatolaridan saboq olishi kerak. Birovning xatolaridan saboq ololmaysiz. Mag‘lubiyatdan so‘ng murabbiy sportchilarni «kallasini olib tashlamasligi» kerak. Balki, ularga quyidagi so‘zlarni aytishi lozim: «Bu alamli. Yutqazdik. Ammo bunday raqibga mag‘lub bo‘lish ham bir sharaf».

— Oksana Chusovitinaning g‘alabalari, shu jumladan 1992 yilgi Olimpiadadagi ishtiroki haqida gapirib bersangiz.

— Oksana 1992 yilgi Olimpiada oltinini mening qo‘l ostimda qo‘lga kiritdi. Xalq terma jamoaga qo‘shilishimizga ishonmasdi, chunki Birlashgan terma jamoa gimnastikachilari bir-biridan ustun edilar.

Men uchun «Barselona» abadiy mushakbozlikka o‘xshaydi. Oksana oltin medalni olganidan so‘ng shohsupadan yugurib kelib, medalni menga tutqazdi. Mehmonxonada medalni barcha ichimliklar bilan «yuvdik» va juda baxtiyor edik. Ispaniyada yana bir xursandchilik bo‘lgandi. Oksana erkin mashqlarni bajarib, 10 ball oldi. O‘shanda qo‘llarim menga deltaplandek tuyulgandi.

1996 yilgi o‘yinlarda Oksana ko‘pkurashda 10-o‘rinni egalladi, biroq bu shunchalik sharafli bo‘ldiki, Samaranch (Xuan Antonio Samaranch — Xalqaro olimpiya qo‘mitasining sobiq prezidenti — tahr.) yonimga kelib, shogirdlarim uchun minnatdorchilik bildirdi. Chunki o‘sha paytda hamma narsa o‘zgarib ketgan, sobiq Ittifoq sportchilari o‘z mamlakatlarini tark etayotgan edi, Oksana esa O‘zbekistonda qoldi.

2000 yilgi o‘yinlarda Oksana juda mashhur edi, chunki u allaqachon farzandli bo‘lgan edi. 25 yoshli Oksana uchinchi Olimpiya o‘yinlarida qatnashdi. U gimnastika yoshi faqat 15−16 yoshdan iborat emasligini isbotladi.

2004 yil Afinada bo‘lib o‘tgan olimpiada Oksana uchun unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmadi. Jarohatdan qutulish oson bo‘lmagandi. Men unga sportni tugatish vaqti kelganini aytganimda u quyidagicha javob berdi: «Siz menga yaxshilik bilan tugatishni o‘rgatgansiz, shuning uchun davom etaman». 2008 yilda Pekinda o‘tgan olimpiadada Oksana Germaniya terma jamoasi nomidan ishtirok etdi. Garchi bu qoidalarga zid bo‘lsa ham, meni uning mashg‘ulotlariga qo‘yishdi.


2019 yilgi Jahon jubogi, Parij. Svetlana Kuznetsovaning shaxsiy arxividan.

To‘rtta Olimpiadada, 22 yil davomida biz u bilan birga bo‘ldik. Men London va Riodagi Olimpiadada ishtirok etmaganman. Shunday bo‘lsa ham, Oksana bilan bir-birimizni juda yaxshi bilamiz va his qilamiz, u qanchalik uzoqda bo‘lmasin, Chusa baribir mening hayotimda mavjud.

Oksana Tokio olimpiadasidan so‘ng faoliyatini tugatishini e’lon qilganida, men u bilan birga yig‘ladim. Lekin shu bilan birga ancha yengil tortdim, chunki men har safar u uchun qayg‘urardim. Uning katta sportga qaytish haqidagi rejalarini bilmasdim, lekin o‘ylaymanki bu to‘g‘ri qaror. Katta sportdan bir zumda ketib bo‘lmaydi.

Oksaning Osiyo o‘yinlarida qatnashish qarori tabiiy. Jamoamiz yaxshi. U o‘z ishtiroki bilan yosh qizlarni qo‘llab-quvvatlaydi, uning tajribasi ularga yaxshi chiqish qilishga yordam beradi. Biz a’lo natijalarga erishishimizdan umid qilyapmiz.

Sport gimnastikasi nihoyatda qiyin sport turi bo‘lganligi sababli, bu sport turini yengil atletikadagi o‘nkurashga o‘xshataman. Tokio Olimpiadasining ochilishi va yopilish marosimini sharhlagan edim. O‘shanda o‘yinlarga kelganlarning hammasi qahramon, medal olganlar esa kumir ekanligini aytganman.

Oradan 30 yil o‘tgan bo‘lsada, Oksana hali ham safda. Faqatgina Chusa bunga bardosh bera olardi. U noyob irodaga ega bo‘lgan noyob gimnastikachi.