25 oktabr kuni hukumat qarori bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni uy-joy bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi, deb xabar berdi Huquqiy axborot Telegram-kanali.

Unga ko‘ra, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga uy-joylar viloyat hokimliklari tomonidan bozordagi ko‘p kvartirali uylardan ajratiladi.

Bunda o‘quv-tarbiya muassasalari va tuman (shahar) hokimliklari bolalarni muassasada bo‘lish muddati tugashidan bir yil avval uy-joyga muhtoj sifatida «onlayn-navbat»ga kiritib boradi.

Bolalarga 18 yoshga to‘lgan yilda:

  • ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali;
  • voyaga yetgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikoh tuzilgan hollarda, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratiladi.

Uy-joylar mulkka egalik qilish huquqi asosida, biroq 30 yoshga to‘lgungacha uni sotish huquqisiz beriladi.

Hujjatga asosan uy-joylar tuman hokimligi tomonidan ajratilib, yashash uchun barcha zarur sharoitlarga ega holda topshiriladi.

Uy-joy bilan ta’minlanish holati haqidagi ma’lumotlar har oyda yangilanadi va Xalq ta’limi vazirligi rasmiy veb-saytida joylashtirib boriladi.

Uy-joy berish to‘g‘risidagi qaror asosida tuman (shahar) hokimligi order beradi va ushbu order berilgan uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos hisoblanadi. Orderlar «onlayn-navbat» axborot tizimidagi qat’iy ketma-ketlik asosida beriladi va o‘sha kundan 10 kundan kechikmay notarial rasmiylashtiriladi.

Qarorga ko‘ra shuningdek, 2022 yil 1 yanvardan:

  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning uy-joyga muhtojligi «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimi orqali aniqlanadi;
  • yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni farzandlikka, vasiylikka (homiylikka, patronatga) olish «Vasiylik va homilik» elektron platformasi orqali onlayn murojaatga asosan amalga oshiriladi.

Nizom bilan 2022/2023 o‘quv yilidan «Ijtimoiy ish» bakalavriat ta’lim yo‘nalishida «Vasiylik» va «Homiylik» sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Avgust oyida prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan uyga muhtoj va 18 yoshga to‘lgan yetim bolaga 1 xonali, ular o‘rtasida nikoh tuzilgan taqdirda 2 xonali uy-joy ajratish tartibi belgilangan edi. Bola 30 yoshga to‘lguncha uyni sotish, garovga qo‘yish va ijaraga berish qo‘yish mumkin emas. Yil yakuniga qadar 757 nafar bolani uy bilan ta’minlash reja qilingan. Bunga qadar yetim bolalarga bo‘sh turgan yotoqxona va qarovsiz qolgan uylardan ajratib kelingan.