O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati 21 oktabr kuni o‘tkazilgan 20 yalpi majlisda respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘lari boshqaruvchilariga 2021 yilda 11,69 trln so‘mga (1,1 mlrd dollar atrofida) ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlarini oshirishni ma’qulladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Tasdiqlangan o‘zgartishlarga ko‘ra, Energetika vazirligining joriy xarajatlari 43,8 mlrd so‘mdan 1,14 trln so‘mga, ya’ni 1,09 trln so‘mga ($102 mln) ko‘paymoqda. Shundan 1 trln so‘m ($93,6 mln) «respublika iste’molchilarning ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiiy gaz sotib olish va sotishning o‘rtacha bahosidagi farqni qoplash uchun subsidiya» sifatida sarflash rejalashtirilgan.

«Gazeta.uz» Energetika vazirligiga so‘rov yubordi.

Ichki bozorga gaz

2020 yil noyabrda energetika vaziri sobiq o‘rinbosari Behzot Normatov (hozirda «O‘ztransgaz» rahbari) O‘zbekiston «Lukoyl»dan eksport bahosidan past narxda 5 mlrd kub metr gaz xarid qilganini ma’lum qildi. «Albatta, bu eksport bahosida emas, ancha past narxda sotib olingan. «Lukoyl» kompaniyasi bilan kelishuvimiz bor, agar yana qo‘shimcha talab bo‘lsa, kelishilgan narxlarda ichki bozorga yo‘naltirishimiz mumkin», — dedi u.

2019 yilning mart oyida «Lukoyl» O‘zbekiston bilan Qandim loyihasidan yiliga 5 mlrd kub metrgacha gazni ichki bozor uchun eksport netbekiga 12,5 foizlik chegirma bilan yetkazib berishga kelishgani ma’lum qilingandi.

2021 yilning avgustida prezident Shavkat Mirziyoyev shu yilning o‘zida O‘zbekiston 917 mln kubometr gaz import qilganini ta’kidlagandi.

«Bu juda katta raqam. Ikkinchidan, bu import qilganimizni pul to‘lab olib kelyapmiz, valyutaga olib kelyapmiz. Bu nima bo‘ladi kelajakda? Uch yilda mana shu 1,4 mlrd dollar bergan pulimiz (katta ehtimol bilan, xorijiy kreditlar haqida gap ketmoqda — tahr.) o‘z natijasini bermayapti. Svet bo‘yicha, ayniqsa gaz bo‘yicha odamlar bizdan juda norozi», — dedi davlat rahbari.

Prezident 25 oktabrdagi qarori bilan tabiiy gaz va suyultirilgan gaz aholiga tartibga solinadigan tariflar (narxlar) bo‘yicha sotiladi. Ularni aholiga sotib olish narxidan (tannarxidan) past narxda sotishda soliqlar qonun hujjatlariga muvofiq, vakolatli organlar tomonidan belgilangan narxdan kelib chiqqan holda hisoblab chiqiladi.

Qish fasli arafasida O‘zbekiston rahbariyati tabiiy gazni eksportga realizatsiya qilishda aksiz solig‘i stavkasining nol foiz miqdorida belgilanishga oid farmonni qabul qildi. Shuningdek, tabiiy gaz import qiluvchi kompaniyalar bojxona bojidan ozod qilindi, 2022 yildan geologiya-qidiruv va izlanish ishlarining qator soliq va to‘lovlardan ham ozod qilish rejalashtirilgan.