Oliygoh, professional ta’lim muassasasida biron-bir ko‘rinishda tegajog‘lik, tazyiq yoki zo‘ravonlik sodir etilgan bo‘lsa, yoxud ana shunday nojo‘ya xatti-harakatlar tahdidiga uchralsa yoki guvohi bo‘lgan bo‘lsa, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 1006 ishonch telefoniga yoki @himoya_otv_bot ga murojaat qilish so‘ralmoqda.

«Shaxsingiz va shaxsiy ma’lumotlaringiz sir saqlanishi kafolatlanadi. Sizga zarur bo‘lgan barcha yordam ko‘rsatiladi, nojo‘ya xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, sodir etilgan har bir holat bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Oliy ta’lim vazirligi o‘rta maxsus va professional ta’lim tizimida «sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, muhtarama ayollarimizning, aziz opa-singillarimizning sha’ni, qadr-qimmati, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish vazirlik uchun ustuvor ahamiyatga ega» ekanligini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani aytilayotgani haqida xabar berilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dekan o‘rinbosari qo‘lga olingan.

Shundan so‘ng, Oliy ta’lim vazirligi mazkur voqeani nazoratiga olgan edi. Vazirlik ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ma’lum qilgan.

Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston Gender tengligini ta’minlash bo‘yicha komissiyasi a’zosi Saida Mirziyoyeva Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirdi. «Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz», — deydi u. Qo‘shimcha qilinishicha, «aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart».