«Gazeta.uz» 2021 yil 1 noyabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Imkoniyati cheklangan shaxslar davlat xizmatlaridan foydalanganda 50 foizlik chegirma beriladi

Prezident farmoni asosida «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlari markazlari va YAIDXP orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlar bo‘yicha 50% miqdorida chegirma qo‘llaniladi (tadbirkorlar bundan mustasno).

DXM, «Litsenziya» axborot tizimi va YAIDXP orqali ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari belgilangan muddatidan 3 ish kunidan ortiq vaqtga kechiktirilsa, ariza beruvchilarning murojaatlariga asosan, xizmatdan foydalanish uchun to‘langan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa har qanday to‘lovlarning 50 foizi ularga 1 ish kunida qaytariladi. Bunda ariza beruvchiga tegishli davlat xizmati to‘liq hajmda ko‘rsatiladi.


2. Ayrim MFYlar xodimlari oyligi oshiriladi

Prezident farmoni bilan hududida xonadonlar soni mingdan ortiq bo‘lgan mahalla xodimlarining oylik lavozim maoshlari 35 foizga oshiriladi.

  • Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish, ularga buxgalteriya xizmatini ko‘rsatish vazifasi tuman (shahar) hokimliklaridan tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlariga o‘tkaziladi.
  • Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini saqlash bilan bog‘liq xarajatlar tegishli mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
  • Tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarini rag‘batlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi.

3. Oilaviy zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha xabar berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi

Hukumat qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi — oilaviy zo‘ravonlik holatlari yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlarini hamda Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish bo‘yicha respublika markazini, shuningdek, bunday markazlar borligi haqida jabrlanganlarni xabardor qiladigan tartib joriy etiladi.

Respublika markazi va hududiy markazlarga joylashtirilgan o‘z joniga suiqasd qilgan yoki qasd qilishga moyil bo‘lgan xotin-qizlarga yordam ko‘rsatishda mutaxassis zarur bo‘lgan hollarda, markazlar direktorlarining talabnomasiga ko‘ra hududiy tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan suitsidolog, psixoterapevt va tibbiy ruhshunoslarni Respublika markazi va hududiy markazlarga jalb qiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi reabilitatsiyadan o‘tgan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘rgatish va ularning bandligini ta’minlash choralarini ko‘radi.


4. Imtiyozli toifadagi shaxslarga ayrim tibbiy xizmatlarni nodavlat tibbiyot tashkilotlarida ko‘rsatish budjet hisobidan qoplab beriladi

Prezident qaroriga muvofiq, Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.


5. Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi

Prezident qarori bilan «Mehr daftari» tizimi doirasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari tashkil etiladi.


6. Mehnat migratsiyasida talab yuqori bo‘lgan kasblar to‘g‘risida yagona baza yaratiladi

Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Mehnat bozori tadqiqotlari instituti tomonidan quyidagilar shakllantiriladi:

  • malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni baholovchi tizim hamda kasbiy standartlarni va mustaqil malaka baholashning ma’lumotlar bazasi;
  • mehnat migratsiyasida talab yuqori bo‘lgan kasblar to‘g‘risida yagona ma’lumotlar bazasi.

7. Davlat tibbiyot muassasalari rahbarlari Healthcare Administration yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitiladi

Prezident qaroriga muvofiq, tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazida respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa davlat tibbiyot muassasalari rahbarlarini sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv (Healthcare Administration) yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘quv kurslarida qayta tayyorlash hamda malakasini oshirish yo‘lga qo‘yiladi.


8. Xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan kreditlar 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga qayta kreditlanadi

Prezident qarori bilan O‘zbekiston nomidan chet el valyutasida tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari (XMI va XHMT) mablag‘lari hisobidan jalb qilingan kreditlar (qarzlar) loyihada ishtirok etuvchi moliya tashkilotlariga 10 yildan kam bo‘lmagan muddatga yoki ular jalb qilingan muddatga qayta kreditlanadi.


9. Foydalanilgan noruda qazilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar DSQga elektron tarzda taqdim etiladi

Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, qurilish tashkilotlari va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalar foydalanilgan noruda qazilmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni DSQ tomonidan tasdiqlangan shakllarda soliq organlariga elektron tarzda soliq to‘lovchilarning shaxsiy kabineti orqali taqdim etadi


10. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni erkin muomalaga chiqarishga ruxsat beriladi

Prezident farmoniga asosan xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan ayrim turdagi mahsulotlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazgandan so‘ng respublika hududiga erkin muomalaga chiqarish (jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan me’yorlar doirasida olib kelingan mahsulotlar bundan mustasno) tartibi joriy etiladi.

Bunda hujjatlar ushbu mahsulotlar bojxona hududiga kelishidan kamida 15 kun oldin bojxona elektron dasturiga joylashtirilishi shart.

Xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan ayrim turdagi mahsulotlarni O‘zbekiston rezidenti hisoblangan akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarida muvofiqlik sertifikatini (amal qilish muddatidan qat’i nazar) bir marta rasmiylashtirgan holda 24 oy davomida import qilishga ruxsat etiladi.