Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari talaba qizga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda

Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani aytilmoqda. Qiz qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng dekan muovini uni derazadan itarib yuboradi va qiz tushib ketadi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dekan o‘rinbosari qo‘lga olindi.

Hokim va hokim o‘rinbosarlari faoliyati reytingi natijalari ochiqlandi

Respublika bo‘ylab hokimlarning faoliyati samaradorligini aks ettiruvchi reyting natijalari argos.uz portalida e’lon qilindi. “Viloyatlarning TOP tumanlari” umumiy reytingida Navoiy hamda Xorazm viloyatlari kichik farq bilan yetakchilik qilmoqda. Eng quyi pog‘onani esa Surxondaryo viloyati egallagan.

To‘rtta tuman hokimi o‘tib ketgan kunga yig‘ilish chaqirish to‘g‘risida qaror chiqargan

Taxiatosh, Boysun, Bo‘ston va Termiz tumanlari hokimlari Xalq deputatlari tuman kengashi majlislarini o‘tib ketgan kunga chaqirish to‘g‘risida qarorlar qabul qilishgan.

Aliment bo‘yicha qarzdorlarga avtomobil haydashga cheklovlar qo‘yilishi mumkin

Aliment to‘lamaganligi sababli transport vositasini haydashga cheklovlar o‘rnatilishi mumkin. Boshqarish huquqi cheklangan fuqarolarning reyestrini shakllantirish va qarzdor tomonidan transport vositasini boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash taklif etilmoqda.

“Qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyoz bermaydi”. Senatorlar jamiyatlar vakillari bilan uchrashdi

Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari senatorlar rad etgan “Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida"gi qonunni ma’qullashni so‘rab, Senatga murojaat qilgan edi. Shundan so‘ng, senatorlar Odiljon Iminov va Erkin Gadoyev jamiyatlar rahbarlari bilan uchrashdi. Ta’kidlanishicha, “uchrashuvda qonun imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutmasligi tushuntirilgan”. Qolaversa, hujjatni qayta ishlashda hamkorlik qilish taklif etilgan.

Abdulaziz Kamilov Eron prezidenti bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

O‘zbekiston TIV rahbari Abdulaziz Kamilov Tehron sammiti doirasida Eron prezidenti Ibrohim Raisi bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Kamilov Eronning Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlashini ma’lum qildi. Raisi sammit doirasida afg‘on masalasi bo‘yicha umumiy yechim va qarashlar topilishiga umid qilishi haqida ta’kidladi.

Uzbekistan Airports tarkibida yangi xendling kompaniyasi tashkil etilmoqda

Uzbekistan Airports tarkibida Uzbekistan Airports Handling kompaniyasi faoliyat boshlaydi. Yangi xendling korxonasi aeroport kompleksidagi qator xizmatlarni taqdim etadi. Endilikda aviakompaniyalar o‘zlariga zarur xizmat paketini shakllantirib, keraksiz xizmatlardan voz kechishlari mumkin bo‘ladi.

Xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilsa kompensatsiya beriladi

Prezident tadbirkorlik subyektlarining valyuta xatarlarini kamaytirishga oid qarorni qabul qildi. Davlat jamg‘armasi xorijiy valyutada olingan kreditlar milliy valyutaga o‘tkazilganida kompensatsiya to‘lab beradi.

Pedagogika universiteti rahbariyati va mas’ullariga qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘riladi

Oliy ta’lim vazirligi Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeani nazoratiga oldi. Vazirlik ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishini ta’kidladi. Sog‘liqni saqlash vazirligi esa jabrlanuvchi qizning salomatligini o‘z nazoratiga oldi.

9 oyda XTV tizimida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan

2021 yilning yanvar-sentabr oylarida XTV tizimidagi ta’lim muassasalarida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 16 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad holatlari aniqlangan.

“Yunistrim” Rossiyada ishlayotgan O‘zbekiston fuqarolarini qo‘llab-quvvatlaydi

Mehnat muhojirlariga yordam berish maqsadida “Yunistrim” banki kasallik yoki jarohat tufayli daromadini yo‘qotganlar uchun bepul sug‘urtali debet kartasini chiqardi.

“Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qoladi” — Abdulaziz Kamilov

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Tehron sammitidagi nutqida Afg‘oniston yaqin kelajakda mintaqaviy xavfsizlikning muhim omili bo‘lib qolishi haqida ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu davlatni xalqaro miqyosda yakkalanib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Afg‘onistonga nisbatan mojarodan keyingi strategiyani ishlab chiqish zarur.

Samarqandda 10 kunda 8 kishi is gazidan zaharlanib, halok bo‘ldi

Samarqand viloyatida 10 kunda is gazidan zaharlanish oqibatida 8 kishi vafot etgan. Ularning 5 nafari voyaga yetmagan bolalardir. Yana 1 kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Shuningdek, viloyatda oktabr oyining boshidan buyon 128 ta aholi uylarida turli ko‘lamli yong‘inlar sodir bo‘lgan.

O‘zbekistonda birinchi yuqori kuchlanishli raqamli podstansiya quriladi

Osiyo taraqqiyot banki ko‘magi bilan Jizzax viloyatida 220 kV kuchlanishli “Zafarobod” raqamli podstansiyasi quriladi. Podstansiya 2023 yilda foydalanishga topshiriladi. Uning qurilishida tenderda g‘olib bo‘lgan Xitoyning “Shanghai Electric Group Co.,Ltd” kompaniyasi ishtirok etadi.

Olimpiada o‘yinlari sovrindori Davlat Bobonov jahon reytingi peshqadamiga aylandi

O‘zbekistonlik dzyudovchi Davlat Bobonov -90 kg vazn toifasida dunyo reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Yana ikki nafar o‘zbekistonlik dzyudochi Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg) avvalgi o‘rniga nisbatan bir pog‘ona pastlab, 4-o‘rinni, Sardor Nurillayev (-66 kg) ham bir pog‘onaga pastlab, 6-o‘rinni egallab turibdi.

Oksana Chusovitina sport maktabini ro‘yxatdan o‘tkazdi

Oksana Chusovitina sport ta’limi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun “Chusa sport team” MCHJni ro‘yxatdan o‘tkazdi. Avgust oyida Shavkat Mirziyoyev Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bilan uchrashuvida Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berilgan edi.

Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlar davlat budjetidan qo‘shimcha 1,43 trln so‘m oladi

Mudofaa va huquqni muhofaza qiluvchi organlarni saqlash, moddiy-texnika bazasini mustahkamlash uchun 1,43 trln so‘m ($133,7 mln) yo‘naltiriladi. Senat buni nazarda tutuvchi o‘zgartishlarni davlat budjetiga kiritishni ma’qulladi. Iyunda senatorlar kuch ishlatar tuzilmalar xodimlarini moddiy ta’minlash, qo‘shimcha shtatlar ajratish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash uchun 1,1 trln so‘m ajratishni ham ma’qullagan edi.

COVID-19 va kambag‘allikka qarshi kurashish, Afg‘oniston, raqamli moliya: Mirziyoyev va Si Szinpin nima haqda suhbatlashdi?

O‘zbekiston prezidenti va XXR raisi Si Szinpin telefon orqali muloqotda Afg‘onistondagi vaziyat, vaksina ishlab chiqarish bo‘yicha mintaqaviy markaz qurish va boshqa masalalarni muhokama qildi. Shavkat Mirziyoyev koronavirusning kelib chiqishi haqidagi masalani siyosiylashtirishga qarshi chiqdi, deya xabar qildi “Sinxua”.

“Bu kabi holatlar dengizdan tomchi”. Saida Mirziyoyeva — universitetda talaba qizga tegajog‘lik qilingani haqida

Saida Mirziyoyeva Pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari va talaba qiz bilan bog‘liq voqeaga munosabat bildirdi. “Lekin jamoatchilikka oshkor etilayotgan bu kabi holatlar dengizdan tomchi ekanini barchamiz anglab turibmiz”, — deydi u. Qo‘shimcha qilinishicha, “aybdorlar javobgarlikdan qocha olmasligi uchun bunday hodisalarning har biri jamoatchilikka oshkor qilinishi shart”.

Namanganda shifokorni kaltaklagan aka-ukaga hukm o‘qildi

Sud noto‘g‘ri tashxis qo‘yishda ayblab, poliklinika shifokorini kaltaklagan namanganlik fuqaroga 2 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Uning akasi ham tibbiyot xodimiga kuch ishlatganlikda aybli deb topildi va u 144 soat majburiy jamoat ishlari bilan jazolandi.

“Gazeta.uz"da chiqqan fotomateriallar:

Foto: O‘zbekistonning ko‘p asrlik daraxtlari

O‘zbekiston hududida yoshi 100 va undan katta bo‘lgan 4600 dan ortiq daraxt bor. Eng keksa daraxtlar qaysi hududlarda o‘sadi va poytaxtdagi uzoq umr ko‘ruvchilarining ayrimlari qanday ko‘rinishga ega — “Gazeta.uz” fotomaterialida.