O‘zbekiston nogironlar jamiyati, O‘zbekiston karlar jamiyati va O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatlari senatorlar 20 yalpi majlisda rad etgan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonunni ma’qullashni so‘rab, Senatga murojaat qilgani haqida yozgandik. Unda imkoniyati cheklangan shaxslar ushbu qonunni bir necha yildan beri kutayotgani, aslida «boshidan o‘tkazgan» insongina holat qandayligini bilishi ta’kidlangan edi.

Murojaat yuzasidan Senat a’zolari Odiljon Iminov va Erkin Gadoyev jamiyatlar rahbarlari bilan uchrashib, suhbat o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Senat axborot xizmati.

«Uchrashuvda murojaatchilarga qonun nogiron, karlar va ko‘zi ojizlar jamiyatlarining murojaatnomasida keltirilgan masalalar, ya’ni imkoniyati cheklangan shaxslarga maydonda o‘zlarini ko‘rsatish, imkoniyatlarini to‘la namoyon etish, munosib ish haqi olish, ijtimoiy adolat nuqtai nazaridan korxonalarning iqtisodiy ahvolini yanada yaxshilash, ishini faollashtirish, ishlab chiqarish hajmlari va ishchilar sonini oshirish, eng asosiysi imkoniyati cheklangan shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri imtiyoz va preferensiyalar berishni nazarda tutmasligi tushuntirildi», — deyiladi xabarda.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan «Ijtimoiy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi qonundagi normalar jamiyatlarning raislari so‘rayotgan maqsadlarga xizmat qilmasligi aytilgan.

«Imkoniyati cheklangan shaxslarga o‘z faoliyatlarini amalga oshirish uchun imtiyozlar hozir ham Soliq kodeksi, O‘zbekiston prezidenti hamda Vazirlar Mahkamasining hujjatlarida o‘z aksini topganligi, kelgusida tadbirkorlik sohasidagi munosabatlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar yagona Kodeksda nazarda tutilishi ta’kidlab o‘tildi», — deyilgan yuqori palata javobida.

Bundan tashqari, qonun qaytarildi degani — bu u batamom bekor qilindi degani emasligi yana bir bor eslatib o‘tilgan. U keyinchalik parlament vakillari, ekspertlar, qonun tashabbuskorlari bilan birgalikda yanada puxta ishlanib, keyingi yalpi majlislarda qaytadan muhokamaga qo‘yilishi aytilgan.

Suhbat yakunida Senat a’zolari tomonidan mazkur qonunni qayta ishlash jarayonida jamiyatlar vakillari ham faol ishtirok etishi va muntazam ravishda doimiy hamkorlik qilinishi haqida kelishib olingan.

Eslatib o‘tamiz, Nogironlar, Karlar va Ko‘zi ojizlar jamiyatlari o‘z murojaatida ularga qarashli korxonalar daromadi keskin tushib ketganini ham ta’kidlab o‘tgandi.

Jumladan, so‘nggi 3 yilda Karlar jamiyati korxonalarining daromadi 5 baravargacha tushib ketgani, ulardagi ishchilar soni esa 2000 yildagi 4900 kishidan 2020 yilga kelib 1479 nafarga kamaygani aytilgan.

Aynan mazkur qonun muhokamasi adliya vaziri va senatorlar o‘rtasidagi debatga aylanib ketgan edi. Vazir Ruslanbek Davletov senatorlarning qonunni qabul qilishga qarshi bildirgan har bir argumentini rad etib, ayrim siyosatchilar «xalqdan kelib chiqayotgan yangi g‘oyalarni tushunmasligini» ta’kidlagandi. Oqibatda Senat rahbari uzoq davom etgan debatga aralashishga va tomonlarni tinchlantirishga majbur bo‘lgandi (video).