26−27 oktabr kunlari Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Tehron shahrida bo‘lib o‘tayotgan Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar mahkamalari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston TIV rahbari chorshanba kuni Eron prezidenti Ibrohim Raisi bilan muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar berdi Eron TIV matbuot xizmati.

Raisi Eron va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarni qardosh va rivojlanib borayotgan sifatida tavsiflab, «Eron Islom Respublikasi O‘zbekiston bilan turli siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalardagi aloqalarni rivojlantirishda hech qanday cheklov ko‘rmayotganini» ta’kidladi.

Ibrohim Raisi Abdulaziz Kamilov bilan uchrashuvda Tehron va Toshkent o‘rtasidagi hamkorlikning umumiy tomonlari va imkoniyatlariga to‘xtalib, «Eron va O‘zbekiston birodarlik va qarindoshlik aloqalariga ega», dedi.

Eron prezidenti muzokaralar davomida Afg‘onistondagi vaziyatga ham to‘xtaldi.

«Afg‘onistonda begonalarning, jumladan, AQSh borligining oqibati azob, qotillik, qon to‘kish va Afg‘onistonni ushlab turishdan boshqa narsa emas. Biz afg‘on xalqiga tinchlik va xavfsizlikni his qilishlariga yordam berishimiz kerak», — deya ta’kidladi u.

Ibrohim Raisi Eronda to‘rt millionga yaqin afg‘onning borligi va Eronning ularga insonparvarlik yordamini davom ettirishiga to‘xtalar ekan, Afg‘onistonga qo‘shni davlatlar tashqi ishlar mahkamalari rahbarlarining yig‘ilishida umumiy yechim va qarashlar topilishiga umid qilishi haqida ta’kidladi.

«Ikki davlat o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun yuqori imkoniyat va salohiyatga ega va biz bu imkoniyatlardan foydalanishga qat’iy qaror qilganmiz», — dedi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov.

TIV rahbari O‘zbekiston Eronning Afg‘onistondagi vaziyatni o‘rganish bo‘yicha tashabbusini olqishlashini qayd etdi.

«Katta kuchlar Afg‘oniston uchun hech narsa qila olmaganini inobatga olsak, Tehron sammiti katta siyosiy ahamiyatga ega va biz uning natijasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz», — dedi u.

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri mintaqada tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish har ikki mamlakat va mintaqa davlatlarining manfaatlariga javob berishini ta’kidlab, O‘zbekiston Eron bilan turli mintaqaviy va xalqaro yo‘nalishlarda yaqin hamkorlikka intilishini aytdi.