O‘zbekistonlik sport gimnastikachi Oksana Chusovitina Yashnobod tumani Davlat xizmatlari markazida sport ta’limi faoliyati bilan shug‘ullanish uchun «Chusa sport team» mas’uliyati cheklangan jamiyatini ro‘yxatdan o‘tkazdi. Bu haqda Turizm va sport vazirligi xabar berdi.

«Mashhur sportchi ko‘rsatilgan davlat xizmati sifati hamda bir joyda ko‘plab xizmatlardan foydalanish imkoni yaratilganidan mamnun ekanligini bildirdi», — deyiladi xabarda.

Foto: Turizm va sport vazirligi

Oksana Chusovitina sport gimnastikasi bo‘yicha Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p ishtirok etgan sportchi (1992, 1996, 2000, 2004, 2008, 2012, 2016, 2020) hisoblanadi. 1992 yil Barselonada o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oltin medali sohibi, 3 karra Jahon chempioni.

Oksana Chusovitina yettita yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan yer yuzidagi yagona ayol gimnastikachi sifatida Ginnesning rekordlari kitobiga kiritilgan. Tokiodagi olimpiada uning uchun sakkizinchisi edi.

Iyul oyida Oksana Chusovitina sportdagi faoliyatini yakunlagani haqida xabar berildi.

U «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida murabbiy bo‘lmasligini aytib o‘tgan edi. «Men O‘zbekistonda bolalar va yoshlar sportini rivojlantirmoqchiman, va shu yo‘nalishda harakat qilaman, aynan sog‘lom millatni shakllantirish uchun», — degan edi Oksana Chusovitina.

Avgust oyida Oksana Chusovitina «O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi» faxriy unvoni bilan taqdirlandi. Shuningdek, Oksana Chusovitina sport mahorati maktabini tashkil etish va ularning faoliyati uchun barcha zarur sharoitlar yaratishga topshiriq berilgan edi.

oktabr oyi avvalida Chusovitina sportga qaytishini ma’lum qildi. U kelasi yil o‘tkaziladigan Osiyo o‘yinlarida qatnashish niyatida. «Men, shunchaki, faoliyatimni O‘zbekiston uchun medalsiz yakunlay olmayman», — dedi u.