Tesla va SpaceX asoschisi Ilon Mask Forbes jurnali dunyoning eng boy odamlari reytingini tuzishni boshlagandan beri eng boy odamga aylandi, deb xabar berdi nashr.

Jurnal ma’lumotlariga ko‘ra, 25-oktabrdagi savdolar yopilganidan keyin Ilon Maskning boyligi rekord darajadagi 271,3 mlrd dollarga yetgan. Bu Tesla aksiyalarining 13 foizga oshishi fonida yuz bergan — kompaniya kapitallashuvi bir trln dollardan oshdi.

Avvalroq Forbes reytingi tarixidagi eng boy odam Amazon asoschisi va sobiq bosh direktori Jeff Bezos bo‘lgan, uning boyligi iyul oyida jurnal ma’lumotlariga ko‘ra 212 mlrd dollarga yetgan edi.

Forbes Real Time reytingiga ko‘ra, ushbu xabar e’lon qilingan vaqtda Maskning boyligi 253,8 mlrd dollarni tashkil etgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rinda turgan Bezosning boyligi 196,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Bloomberg Billionaires Index ma’lumotlariga asosan esa, Maskning boyligi 287 mlrd dollar, Bezosniki esa 196 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Ilon Mask boyligining asosiy qismi Tesla`dagi 21 foiz ulushga to‘g‘ri keladi. U, shuningdek, SpaceX`dagi minoritar ulushga ega. Fevral oyida investorlar moliyalashtirish bosqichida kompaniyani 74 mlrd dollarga baholaganlar.