Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi tasarrufidagi korxonalardan birida masofadan boshqariladigan jangovar modul ishlab chiqarish bo‘yicha loyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, soha mutaxassislari tomonidan mahsulotning barcha konstruktorlik-texnik hujjatlari ishlab chiqilib, ular asosida yirik kalibrli pulemyot hamda zamonaviy elektron-optik kuzatuv va nishonga olish moslamalari bilan jihozlangan jangovar modulning tajriba namunasi ishlab chiqildi va shu kunlarda zavod sinovlaridan o‘tkazilmoqda.

Mazkur pulemyotni zirhli harbiy texnikalarga ham o‘rnatsa bo‘ladi.

Avvalroq, Krantas Group va To‘ytepa metallokonstruksiyalar zavodi Toshkent viloyatida harbiy va maxsus texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchiligi haqida yozgandik. Jumladan, yengil zirxli avtomobillar, avtotsisterna, traktorlar, yuk va axlat tashuvchi, qor tozalovchi va boshqa mashinalarni ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Prezidentga taqdimot qilingan loyiha 55 mln dollarga baholangandi.