Seulda Janubiy Koreya Interpol xodimlari xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini chegara postini kesib o‘tish vaqtida qo‘lga oldi. Bu haqda Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi xabar berdi.

Qo‘lga olingan Yu. U. Jinoyat kodeksining 168-moddasiga (Firibgarlik) asosan, katta miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun respublika huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan Interpol kanallari orqali qidiruvga berilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yu. U. Koreya hududida bo‘la turib, O‘zbekiston firmalari birining vakili bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Yu. I. ning ishonchiga kirib, Janubiy Koreyada ishlash uchun odam topib berishini taklif qilgan.

Fuqaro Yu. I. chet davlatda ishlashni istaganlarni topib, ular banklar orqali fuqaro Yu. U. ning hisob raqamiga 507,7 mln so‘m (54,6 ming AQSh dollari) o‘tkazib yuborgan. Evaziga u Janubiy Koreyada ishlash uchun taklifnomagina jo‘natib turgan, shundan so‘ng noma’lum joyda yashirinib yurgan.

Hozirda uni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq, Interpol O‘zbekistonda firibgarlik qilgani uchun xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki fuqaroni Janubiy Koreyada qo‘lga olib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan edi.