Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti 3 kurs talabasiga dekan o‘rinbosari tegajog‘lik qilib, so‘ng uni derazadan itarib yuborgani aytilmoqda. Bu haqda Nemolchi.uz (Sukut saqlama) loyihasiga talaba Mushtaribonu Kamilova murojaat qilgan.

Ma’lumotga ko‘ra, 18 oktabr kuni u «Zulfiya» nomidagi davlat mukofotiga tavsiyanoma olish maqsadida yoshlar ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashev xonasiga kiradi. B.Yuldashev kutib turishini so‘raydi. Qizning aytishicha, xonadan hamma chiqib ketgach, dekan o‘rinbosari charchaganligini aytib, undan qahva damlab berishni so‘raydi.

«Qiz qahva damlash uchun chog‘langanda erkak eshikni ichkaridan qulflab, chiroqni o‘chiradi. Mushtariy nimanidir sezganday yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, tezroq yetib kelishni so‘raydi. Xonadan chiqay desa, erkak uni ushlab olib, xonasidagi divanga yotqizmoqchi bo‘ladi. Qiz qarshilik qiladi. Eshikning u tarafida esa qizning do‘sti kelib, eshikni ochishni so‘raydi. Mushtariy amallab oyna oldiga kelib, yordamga chaqiradi. Shunda qizning aytishicha, erkak uni derazadan itara boshlaydi», — deyiladi murojaatda.

Qizning so‘zlariga ko‘ra, u qanchalik qarshilik ko‘rsatmasin kuchi yetmay, derazadan pastga tushib ketadi. Bog‘abek esa derazani yopib, jalyuzini tushiradi va eshikni ochadi. Qizning do‘sti «zamdekan»ni olib, pastga tushadi. Atrofda yig‘ilganlarga dekan o‘rinbosari qiz oynadan o‘zi sakragani va uni o‘zi shifoxonaga olib borishini aytadi.

Murojaatda keltirilishicha, Mushtariyni mashina orqa o‘rindig‘iga yotqizishadi, do‘sti haydovchi oldidagi o‘rindiqqa o‘tiradi. Yo‘lda dekan o‘rinbosari qizning onasiga qo‘ng‘iroq qilib, qiz oynadan tushib ketgani va uni shifoxonaga olib borishayotganini aytadi. Svetoforning qizil chirog‘ida qizning do‘sti orqa o‘rindiqqa o‘tguncha dekan o‘rinbosari qizga oyna artayotib o‘zi tushganini aytishini tayinlaydi. Aks holda universtitetdan haydash bilan tahdid qiladi. Shu payt yigit orqa o‘rindiqqa o‘tib, nima bo‘lganini so‘raydi. Qiz unga sekin uni itarishganini bildiradi.

Shifokorlarning aytishicha, qiz vaqtida olib kelingan. Mushtariyga tos suyagi sinishi, gematomalar va miya chayqalishi tashhisini qo‘yishdi. U hali beri oyoqqa turolmasligi aytilmoqda.

Ma’lumotga ko‘ra, Mushtaribonu Kamilova kashtachilik bilan shug‘ullangan, ko‘plab medallar, sertifikatlarga ega. «Istiqbolli avlod» nodavlat notijorat tashkiloti vakillarining ta’kidlashicha, u to‘garaklardagi eng yaxshi o‘quvchilardan biri bo‘lgan.

«Qiz yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, dekan o‘rinbosari tomonidan kelgan odamlar ularga o‘z ko‘rsatmalarini o‘zgartirishlari uchun pul taklif qilgan. Bog‘abek Yuldashev esa hammaga qiz o‘z joniga qasd qilgan deyapti. U o‘qigan fakultet talabalarini to‘liq onlayn ta’limga o‘tkazishdi. Bu bilan nimani sir tutishmoqda?», — deb yozadi Nemolchi.uz.

Loyiha vakillari 22 oktabr kuni Mushtariy voqeasini O‘zbekiston IIV huzuridagi xotin-qizlar masalalari boshqarmasiga yuborganini ma’lum qildi. Biroq haligacha rasmiy munosabat bildirilmagan.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berishicha, Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasini zo‘rlashga qaratilgan xatti-harakatlar amalga oshirilganligi haqida xabardagi holat Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqilmoqda va natijalari ma’lum qilinadi.

IIV matbuot kotibi Shoxrux Giyasov «Gazeta.uz»ga xabar berishicha, dekan o‘rinbosari Bog‘abek Yuldashevga nisbatan 19 oktabrda 118 (nomusga tegish) va 105 (qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Fuqaro 23 oktabrda qo‘lga olingan.