Xalq ta’limi vazirligi tizimida joriy yilning 9 oyi davomida 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar aniqlangan. Bu haqda 27 oktabr kuni Ichki audit xizmati faoliyatining 9 oylik sarhisobiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilning 9 oyi davomida ta’lim muassasalarida 197 ta o‘rganish tadbirlari o‘tkazilishi natijasida jami 47 553 ta holatda 76,5 mlrd so‘mlik moliyaviy xato-kamchiliklar, shundan 6 530 ta holatda 16 mlrd so‘mlik o‘g‘irlik va kamomad aniqlangan. Taqqoslash uchun: bu ko‘rsatkich 2020 yilning yanvar-senyabr oylaridagi ko‘rsatkichga (143,2 mlrd so‘m) nisbatan 2 baravarga kamaygan.

Bundan tashqari, tarkibida jinoyat alomatlari bo‘lgan 158 ta 61,4 mlrd so‘mlik o‘rganish materiallari huquqiy baho berish va qonuniy choralar ko‘rish maqsadida huquq-tartibot organlariga taqdim etilgan.

Vazirlikning Ichki audit xizmati tomonidan yanvar-sentabr oylari davomida jami 194,7 mlrd so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklarning oldi olingani qayd etildi.

Jumladan, ta’lim muassasalarida xarajatlar smetasi hamda shtatlar jadvaliga muvofiq rejalashtirilgan mablag‘lardan 106,1 mlrd so‘mi maqbullashtirilgan. Ushbu mablag‘lar umumta’lim maktablari uchun yangi avlod darsliklarini Milliy o‘quv dasturi asosida kompleks tarzda yaratish va nashr etishga yo‘naltirilgan.

Shu bilan birga, ta’lim muassasalarining xarajatlar smetasi tuzilishi jarayonida 50,3 mlrd so‘mlik qo‘shimcha ehtiyoj mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarga profilaktika ishlari natijasida bo‘shab qolgan mablag‘larni yo‘naltirish hisobidan qoplangan.

Shuningdek, umumta’lim muassasalaridagi asosiy vositalar va boshqa jihozlarni xatlovdan o‘tkazish natijasida jami 26,3 mlrd so‘mlik tovar-moddiy boyliklarning ortiqcha saqlanish holatlari aniqlangan.

Aniqlanayotgan kamchiliklardan kelib chiqqan holda, ularni kelgusida takrorlanmasligini oldini olish maqsadida amalda xodimlarning ish haqi to‘lovlari amalga oshirilayotgan «UzASBO» dasturiy majmuasiga Moliya vazirligi bilan hamkorlikda yangi modullarni yaratgan holda, tegishli o‘zgartirishlar kiritib borilayotgani aytib o‘tildi.