Avvalroq, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida dekan o‘rinbosari o‘z xonasida 3 kurs talabasiga tegajog‘lik qilgani va qiz qarshilik ko‘rsatgandan so‘ng uni derazadan itarib yuborgani haqida xabar bergan edik. Holat yuzasidan dekan o‘rinbosariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani ma’lum qilingan.

Mazkur voqea yuzasidan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘rganish va surishtiruv ishlarini olib borayotganini haqida xabar berdi.

Vazirlik ma’lum qilishicha, o‘rganish natijalari bo‘yicha jinoyatda gumonlanuvchi universitet mas’ul xodimiga nisbatan qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Shuningdek, ushbu holatga yo‘l qo‘ygan universitet rahbariyati va mas’ullariga nisbatan ham qat’iy tashkiliy va intizomiy choralar ko‘rilishi ham ko‘zda tutilgan.

«Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi talaba-qizlarning sha’ni va nomusiga qarshi har qanday xatti-harakatlarni keskin qoralaydi va, albatta, bu kabi holatlarga qarshi qat’iy kurashadi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik shuningdek, tez orada bunday holatlarning oldini olish maqsadida tezkor murojaat qilish imkonini beradigan maxsus portal yaratilishi hamda ishga tushirilishi haqida ta’kidladi.

«O‘rganishlar natijasi bo‘yicha obyektiv tafsilotlar qo‘shimcha tarzda ma’lum qilinadi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan jabrlanuvchi Mushtaribonu Kamilova salomatligi jiddiy nazoratga olingani haqida ma’lum qilindi. Unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilayotgani va muolaja jarayonlari davom etayotgani ta’kidlandi.

Tezkor tekshiruvlar natijasida unga katatravma, qo‘shma jarohat, o‘ng o‘tirgich va qov suyaklarining sinib siljishi, quymuch suyagining o‘ng tomonda sinib qoniqarli turishi, beshinchi bel umurtqasi yon o‘sig‘ining sinib qoniqarli turishi, bosh miya yopiq jarohati, bosh miya chayqalishi, peshona sohasi ezilib yirtilgan jarohati, travmatik shok ikkinchi darajasi tashxislari qo‘yilgan.

SSV ma’lumotlariga ko‘ra, bemor olib kelinganida peshona sohasiga birlamchi jarrohlik ishlovi berilib, tikilgan. Shokka qarshi amaliyotlar o‘tkazilib, markazning travmatologiya bo‘limiga yotqizilgan. Shundan so‘ng mazkur bo‘limda belgilangan standartlar asosida unda qator terapiya amaliyotlari bajarilgan. Shuningdek, har kuni jarohatiga xirurgik ishlov berilgan. Uch kun davomida dinamikada UZI qilingan. Qon tahlillari tekshirilgan. Qo‘shimcha mutaxassislar jalb qilingan.

«Hozir bemorning dinamikada ahvoli qoniqarli. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining tajribali shifokorlari tomonidan muolajalar davom ettirilmoqda», — deyiladi SSV bayonotida.