Jahon banki Sudanga yordam berishni to‘xtatdi

Jahon banki chorshanba kuni Sudandagi harbiy to‘ntarish tufayli Sudanga yordam ko‘rsatishni to‘xtatganini e’lon qildi, deb xabar berdi AFP.

«Jahon banki guruhi dushanba kuni Sudandagi barcha operatsiyalarini moliyalashtirishni to‘xtatdi va biz vaziyatni diqqat bilan kuzatib, baholagunimizcha har qanday yangi operatsiyalar to‘xtatiladi», dedi Jahon banki rahbari Devid Malpass.

Sudan harbiylari dushanba kuni bosh vazir Abdulla Hamdok va boshqa bir qancha hukumat amaldorlarini hibsga oldi. Sudan Suveren kengashi rahbari Abdulfattoh al-Burxon xalqqa telemurojaatida favqulodda holat joriy etilishi va mamlakat hukumati tarqatib yuborilishi haqida ma’lum qilgan.


Telegram tez orada reklama platformasini ishga tushiradi

Telegram messenjeri tez orada birinchi marta kanallarda rasmiy reklama xabarlarini ko‘rsatishni boshlaydi, dedi messenjer asoschisi Pavel Durov o‘z akkauntida.

«Endi Telegram kanallarida kanal egalarining o‘zlari muntazam e’lon qiladigan xabarlar ko‘rinishida reklamalar bo‘ladi. Telegram amalga oshiradigan rasmiy reklamalar foydalanuvchilar uchun ancha qulayroq bo‘ladi. Bunday reklamalardan keladigan daromad Telegram foydalanuvchilariga bepul va cheksiz xizmatlarni taqdim etishda davom etish imkonini beradi», — deb yozdi Durov.

Kompaniya saytida ta’kidlanganidek, reklama xabarlari 1000 dan ortiq obunachilarga ega bo‘lgan yirik ommaviy Telegram kanallarida ko‘rsatiladi va ularning hajmi 160 ta belgi bilan chegaralanadi. Reklama beruvchilar o‘z e’lonlari ko‘rsatiladigan kanallarning tili va taxminiy mavzusini tanlashlari mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, ma’lum reklamalar paydo bo‘ladigan muayyan kanallarni tanlashingiz yoki reklama ko‘rsatilmaydigan maxsus kanallarni qo‘shishingiz mumkin bo‘ladi.

Reklama xabarining mingta ko‘rilishining minimal narxi 2 yevroni tashkil qiladi. E’lonning davomiyligi reklama beruvchi tomonidan to‘langan pul miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Reklama platformasi hozirda test rejimida. Telegram o‘zining asosiy xarajatlarini qoplaganidan so‘ng, kompaniya reklamadan tushgan daromadni reklama ko‘rsatiladigan ommaviy kanallar egalari bilan bo‘lishishni boshlaydi — Interfaks.

Durovning ta’kidlashicha, ko‘pchilik foydalanuvchilar yangilikni deyarli sezmaydi. Uning tushuntirishicha, birinchidan, Telegram chatlar ro‘yxati, shaxsiy suhbatlar yoki guruhlarda reklama ko‘rsatmaydi. Reklama faqat yirik kanallarga — reklama xizmati mavjud bo‘lgan kanallarga ta’sir qiladi. Durov reklamalarni ko‘rsatish uchun foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan foydalanilmasligini va’da qilmoqda.

«Telegram uchun foydalanuvchi maxfiyligi birinchi o‘rinda turadi. Reklama xabarlari mazmuni foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlariga emas, balki faqat ular ko‘rsatiladigan kanallar mavzulariga bog‘liq bo‘ladi», — deb yozdi u.


Polsha Yevropa Ittifoqi qonunlariga amal qilmagani uchun kuniga 1 mln yevrodan jarimaga tortildi

«Yevropa sudining buyrug‘iga ko‘ra, Polsha Oliy sud intizomiy palatasining yurisdiksiyasiga taalluqli milliy qonunchiligining amal qilishini to‘xtatib qo‘yishdan bosh tortgani uchun har kuni 1 million yevro miqdorida jarima to‘lashi kerak», — deyiladi Yevropa sudining Twitter’dagi sahifasida.

Polsha Konstitutsiyaviy sudi oktabr oyi boshida Yevropa Ittifoqining bir qator qonunlari va Yevropa sudlarining ayrim qarorlari mamlakatning asosiy qonunchiligiga zid deb qaror qilgan edi. Sudyalar Polshaning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi, Yevropa Ittifoqi organlariga sud tizimida ustunlik bermaydi, deb e’lon qildi.

Bunday qaror Yevropa Ittifoqining qonun ustuvorligi tamoyiliga zid keladi. Bu tamoyil Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning huquqiy normalari Yevroittifoq normalariga zid bo‘lsa, amalda qo‘llanilmasligi kerakligini anglatadi.


Qirg‘izistonda qishloq xo‘jaligi vazirining hozirgi va sobiq o‘rinbosarlari hibsga olindi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (GKNB) xodimlari respublika qishloq, suv xo‘jaligi va mintaqaviy rivojlanish vaziri o‘rinbosari Marsbek Ilich o‘g‘lini (hozirgi), shuningdek, sobiq vazir o‘rinbosari Amangeldi Isayevni qo‘lga oldi. Ikkalasi ham vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirildi, deb yozadi Kommersant’ nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qo‘lga olinganlar ayrim kompaniyalar bilan til biriktirib, mamlakatdan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilishga to‘sqinlik qilganlikda gumon qilinmoqda. Tazabek agentligining aniqlik kiritishicha, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi mamlakatlariga yetkazib berilishi bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

sentabr oyida Qirg‘iziston sobiq bosh vaziri Jo‘mart Otorboyev atrof-muhitni muhofaza qilish davlat agentligi komissiyasiga bosim o‘tkazganlikda ayblanib hibsga olingandi. Bundan tashqari, Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Temir Sariyev oltin konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha qo‘lga olingan.


Eron 2020 yilda 250 dan ortiq odamni yashirincha qatl qilgani aytildi

Eronda 2020 yilda yashirincha 250 kishi, jumladan, 4 nafar jinoyatchi voyaga yetmagan bola qatl qilingan. 2021 yilda esa hozirga qadar 230 ta qatl amalga oshirilgan bo‘lib, to‘qqiz nafar ayol va bir bola yashirincha qatl etilgan, deya ta’kidladi BMTning Erondagi inson huquqlari bo‘yicha mustaqil tergovchisi.

Javaid Rehman BMT Bosh Assambleyasining inson huquqlari qo‘mitasiga Eron o‘lim jazosini «qo‘rqinchli darajada» qo‘llashda davom etayotganini va qatllar bo‘yicha rasmiy statistik ma’lumotlarning yo‘qligini ta’kidlagan.

Xalqaro Amnistiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda Yaqin Sharqdagi asosiy qatllar ko‘rsatkichida 493 holatning yarmidan ko‘prog‘i Eronga to‘g‘ri keladi, undan keyingi o‘rinlarda esa Misr, Iroq va Saudiya Arabistoni joylashgan — The Washington Post.