Prezident Shavkat Mirziyoyev 25 oktabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat Qonunchilik palatasi tomonidan 18 oktabr kuni qabul qilingan va 21 oktabr kuni Senat uni ma’qullagan edi.

Qonunga kiritilgan 1−1 moddaga ko‘ra, prezident O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining belgisi va shtandartiga (bayrog‘iga) ega bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rnida, shtandart — maxsus turdagi bayroq. Xorijiy davlatlarda u prezidentlik belgisi (ramzi) hisoblanadi. Shtandart (bayroq) prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inauguratsiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko‘tariladi.

Prezident belgisi — prezidentning farqlovchi rasmiy belgisi. Bu belgi prezidentlik lavozimiga saylangan shaxsni o‘z lavozimiga yuklatilgan og‘ir vazifalarni samarali amalga oshirishida xalq va jamiyat tomonidan bildirilgan ishonch belgisi sifatida xizmat qiladi. Prezident belgisi ushbu lavozimga saylangan shaxsga lavozimga kirishish chog‘ida u qasamyod qabul qilganidan so‘ng topshiriladi va konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagunga qadar Prezidentda saqlanadi.